AQSh Ichki xavfsizlik vaziri Kelli Tramp siyosatini himoya qilmoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh Ichki xavfsizlik vaziri Jon Kelli Prezident Donald Trampning yetti mamlakat fuqarolarini Amerikaga vaqtincha kiritmaslik qarorini Kongressda himoya qildi.

“Bu mamlakatlarda musulmonlar yashayotgani uchun emas, balki bu davlatlar tekshiruviga va ular berayotgan ma’lumotga ishonchimiz yoq’ligi uchun shunday qildik”, - deydi u.

Shosha-pisha kuchga kiritilgan farmon oqibatida ko’plab shaharlar va aeroportlarda norozilik namoyishlari bo’lib o’tdi.

“Kongress bilan maslahatlashib, dasturni sal kechroq boshlashimiz kerak edi”, - deya tan oldi Kelli.

Demokrat qonunchilar taqiq natijasida mamlakatga kirolmay, oilasi bilan qovusholmagan oilalar taqdiri haqida o’ylamadingizmi, deya so’radi vazirdan.

Respublikachilar nazarida esa, amerikaliklar xavfsizligi hamma narsadan ustun.

“Ba’zi odamlar aeroportlarda noqulayliklar bilan yuzlashgan bo’lishi mumkin, ammo urushdan qaytmagan yoki xorijiy terrorchilar hujumlaridan o’lgan onalar va otalar, akalar va opalar, farzandlarni yaqinlariga kim endi qaytaradi”, - deydi kongressmen Skott Perri.

Sud ayni damda Tramp farmonining qonuniyligini o’rganmoqda. Prezident qaror kuchda qolishiga ishonadi.

“Ba’zi ishlar qonun orqali qilinadi, ba’zilarida esa fahm-farosatni ishga solish kerak. Aynan shu ishni fahm-farosat bilan qilish kerak”, - dedi u.

Tanqidchilar nazarida, Tramp Twitter dagi izohlari bilan adliya ishiga halaqit berib, Kellini noqulay ahvolga solib qo’ymoqda. Vazir sudyalarga qaror chiqarayotganda mas’uliyat bilan yondashishni tavsiya qildi.

“Bu insonlarni sudda menga o’xshagan odamlar qo’riqlaydi, shuning uchun ular bemalol muhokama qilmoqda. Ammo mamlakat tahdidga yuz tutib, insonlar zarar ko’rsa, hech kim sudyaga uning qarori yuzasidan e’tiroz bildirmaydi, ular mening yonimga kelishadi”, - deydi Kelli.