AQSh Vakillar palatasining Tashqi aloqalar qo’mitasi raisi Maykl Makkol Davlat kotibi Entoni Blinkendan AQSh qo’shinlarining 2021-yilda Afg’onistondan shosha-pisha chiqarilganiga doir hujjatlarni taqdim etishni talab qilmoqda. Respublikachi qonunchiga ko’ra, halokatli evakuatsiya AQShni zaif qilib ko’rsatdi va Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni Ukrainaga bostirib kirishga jasoratlantirdi.
Your browser doesn’t support HTML5
AQSh harbiylarining 2021-yil avgustida Afg’onistondan to’satdan chiqarilishi hamda afg’onlarning mamlakatdan qochish umidida Kobul aeroportida to’plangani tasvirlangan tartibsiz manzaralar o’tgan yilgi oraliq saylovlar ketidan Vakillar palatasida ko’pchilikni qo’lga kiritgan respublikachilar tashabbusi bilan yana muhokamada.
Quyi palataning Tashqi aloqalar qo’mitasi raisi Maykl Makkol evakuatsiyani falokat deb atadi. Unga ko’ra, Bayden ma’muriyati bu bilan Amerika dushmanlariga uning zaifligini ko’rsatdi, Rossiya va Xitoy rahbarlariga kuch-quvvat bag’ishladi.
“Afg’onistondan qo’shinlarni olib chiqishimiz ketidan sun’iy yo’ldosh orqali olingan tasvirlarda Rossiya Federatsiyasining Ukraina tomon qo’shin yuborganini ko’rdik. Janob Putin hujum boshlashiga shubha yo’q edi, qachon boshlashi noma’lum edi. O’ylashimcha, u o’shanda hujum qilish vaqti keldi deb o’ylagan. Qo’shinlari to’planganini ko’rdik, so’ng bosqinga guvoh bo’ldik, endi esa rais Si Tayvanga do’q-po’pisa qilyapti”, - deydi Makkol.
Demokrat qonunchilar qo’shinlarni Afg’onistondan olib chiqish vaqtini Jo Bayden Oq uyga kirishidan oldin Tramp ma’muriyati belgilaganiga ishora qiladi.
Qonunchilar evakuatsiya paytida Kobul xalqaro aeroportidagi portlashda 13 ta amerikalik askar o’lganini xavfsizlikni ta’minlashdagi xatolar bilan izohlaydi. Makkol Blinkendan bunga doir barcha hujjatlarni hamda AQSh elchixonasining Kobuldagi diplomatlari Tolibonning tezkor yurishlari oqibatida markaziy hukumatning qulashi mumkinligi haqida ogohlantiruvchi, 2021-yil iyulida yuborgan norozilik telegrammasini berishni so’radi.
Davlat departamenti xizmatchilari tashqi siyosatning ayrim jihatlariga qo’shilmagan taqdirda jazolanishdan qo’rqmasdan davlat kotibiga o’z fikrini rasmiy jarayon orqali bildirishi norozilik kanali deb ataladi.
Blinkenning aytishicha, Davlat departamenti AQSh elchixonasini Kobuldan evakuatsiya qilish rejasiga doir minglab hujjatlarni Tashqi aloqalar qo’mitasiga topshirdi, biroq norozilik telegrammasini bermoqchi emas.
“Jarayonga va norozilik kanaliga ishonch saqlanib qolishi uchun bu muhimdir. Kelajakda boshqalarning ham siyosatga doir qarama-qarshi fikrlarini bildirish ishtiyoqiga salbiy ta’sir qiladigan qadamlardan o’zimizni tiyishimiz kerak”, - dedi Blinken.
Makkol norozilik telegrammasini qo’lga kiritish ahdida qat’iy, Blinkenga dushanba kungacha muhlat berdi, aks holda davlat kotibi Kongressga surishtiruv uchun chaqirtirilishi mumkin. Makkol nazarida, Amerika xalqi afg’on hukumati nega qulagani va Tolibon hokimiyatni qanday qilib qo’lga kiritganini bilishga haqli.