Yana matbuot erkinligi haqida. Qoshiqchining o'limidan 100 kun o'tib

  • Amerika Ovozi

Saudiyalik jurnalist Jamol Qoshiqchining Istanbulda o’z mamlakati diplomatik vakolatxonasida vahshiylarcha o’ldirilganiga 100 kun bo’ldi. AQShda faoliyat boshlagan yangi Kongress bu masalani e’tibor markazida ushlashga harakat qilmoqda. Huquq himoyachilari jurnalistika xavfli kasbga aylanayotganini ta’kidlamoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 11-yanvar, 2019-yil - Yana matbuot erkinligi haqida. Qoshiqchining o'limidan 100 kun o'tib

Avvaliga Qoshiqchining konsullik xizmati binosida o’ldirilganini inkor etgan Saudiya Arabistoni hukumati keyinchalik buni tan oldi, biroq aybni o’zboshimchalik qilgan xavfsizlik agentlariga yukladi. AQSh Prezidenti Donald Tramp esa qirollik bilan aloqalar muhim ekanini aytib, valiahd shahzodani tanqid qilishdan o’zini tiydi.

“Yuzlab milliard dollarlik buyurtmalarni qo’ldan chiqarib, Rossiya, Xitoy yoki boshqa bir mamlakat bu buyurtmalarni olishlariga yo’l qo’ymaymiz. Eng avvalo Amerikani o’ylashimiz kerak. Agar Saudiya Arabistoni bilan aloqani uzsak, neft narxi osmonga chiqib ketadi”, - deydi Tramp.

Dekabr oyida AQSh Senati Saudiya Arabistonini Qoshiqchining o’limi uchun qoralovchi rezolyutsiya qabul qildi. Qotillikdan 100 kun o’tib, Vakillar palatasiga qaytadan spiker etib saylangan Nensi Pelosi Tramp qarorini tanqid qildi.

“Tijoriy manfaatlarni bayonotlarimiz va siyosatimizdan ustun qo’yadigan bo’lsak, dunyoning boshqa joylarida sodir etilayotgan vahshiyliklarni qoralashga ma’naviy haqqimiz yo’qligini tan olishga majburmiz”, - dedi siyosatchi.

2018-yil jurnalistlar uchun fojiali davr bo’ldi. Amerikaning Merilend shtatida besh nafar matbuot xodimi otib o’ldirildi. Bu shtatning Senatdagi demokrat vakili Kris Van Xollenning aytishicha, jurnalistlarga muomala qilishda dunyo Amerikadan o’rnak oladi.

“Oq uy matbuot erkinligini qattiq himoya qilmas ekan, dunyo bo’ylab muxbirlar o’zini xavfsiz his qila olmaydi. “Soxta xabarlar”, “xalq dushmani” kabi iboralarni Trampdan o’rgangan avtoritar rahbarlar o’z mamlakatlarida jurnalistlarni ta’qib etish uchun ana shu iboralarni bahona sifatida qo’llamoqda”, - deydi qonunchi.

Birmada qamalgan ikki muxbirning ishi shaffoflik va javobgarlikning susayishiga sabab bo’layotgan tashvishli oqimga bir misoldir.

“Dunyo bo’ylab vaziyat borgan sari yomonlashmoqda”, - deydi demokrat kongressmen Adam Shiff.

Qoshiqchining o’limidan respublikachi qonunchilar ham tashvishda.

Vakillar palatasiga Texasdan saylangan Uill Xyordning aytishicha, Amerikaning qishloq joylarida ham bu ish kuchli aks-sado berdi.

“Texasning janubiy va g’arbiy hududlarida bu mavzu ko’p ko’tarildi. Aksariyat odamlar Qoshiqchining ismini to’g’ri ayta olmaydi, uning o’limi qanday ahamiyatga ega deb ko’p so’rashgan. Ko’p odamlar matbuot muhimligini anglamoqda”, - deydi qonunchi.