Kongressda telefon kuzatuvlari dasturi xususida tinglov o'tdi

  • Amerika Ovozi

AQSh Milliy xavfsizlik boshqarmasi direktori muovini Jon Inglis Kapitoliydagi tinglovda hisobot bermoqda, Vashington, 31-iyul, 2013-yil,

AQSh razvedkasi rahbarlari va huquq-tartibot organlari rasmiylariga ko’ra, hukumatning mamlakat ichida ma’lumot to’plashga qaratilgan dasturi fuqarolar huquqlarini cheklamaydi, aksincha terror xavfini aniqlab, bartaraf etishda yordam beradi. Kongressda o’tgan tinglovda xavfsizlikka javob beruvchi bu mutasaddilar bunga doir faoliyatlarini himoya qildi.

AQSh hukumati telefon suhbatlariga doir ma’lumotlarni to’plab borayotgani oshkor bo’lgani amerikaliklarni asabiylashtirmoqda, deydi Senat Adliya qo’mitasi raisi Patrik Lexi.

"Odamlarning sabr kosasi to’lib, amerikaliklarning ishonchi so’nib bormoqda. Demokratik jamiyatda bu xavotirga molik hol", - deydi senator.

Chorshanba kuni Obama ma’muriyati telefon suhbatlarini kuzatish ko’lami va cheklovlar haqida oldin maxfiy hisoblangan hujjatlarni oshkor etdi. Adliya vazirining o’rinbosari Jeyms Koul Kongressdagi tinglovda senatorlarga hukumat nazoratiga aynan nima tushgani aks etgan ro’yxatni taqdim etdi.

"Bu ro’yxat telefon kompaniyalaridan olingan bo’lib, unda qaysi raqamdan qaysi raqamga qachon qo’ng’iroq qilingani, suhbat qancha davom etgani bor. Ro’yxatda raqam egalarining ismlari yoki ularga tegishli boshqa ma’lumot, uyali telefon joylashuvi yoki suhbat mazmuni yo’q", - deydi Koul.

Telefon egalarining ismlari va manzillarini olish uchun hamda telefon suhbatlarini tinglash uchun sudning maxsus ruxsati kerak.

"Bu hukumat dasturlari tufayli 54 ta xuruj fosh etildi", - dedi Milliy xavfsizlik boshqarmasi rahbari muovini Jon Inglis.

Yaqinda Vakillar Palatasida telefon qo’ng’iroqlariga doir ma’lumot to’plashni kamaytirish haqidagi taklif ovozdan o’tmadi. Senat ham dasturlardan voz kechmoqchi emas. Biroq, deydi demokrat senator Sheldon Uaytxaus, dasturlarni jamoatchilikdan yashirish to’g’ri qaror bo’lmagan.

"Xalqqa ular haqida kengroq ma’lumot berish kerak edi. Afsuski, bu safar kech qoldik. Edvard Snouden ularni oshkor etgandan keyingina bu haqda gapira boshladik. Maxfiy deb bilingan ayrim ma’lumotlarni oshkor etish va amerikaliklar muhokamasiga taqdim etish bo’yicha uyushgan reja yo’q edi bizda", - deydi senator.

Inson huquqlari faollari nazarida hukumatning bu dasturlari Amerikada insonlar erkinligini cheklamoqda.

"Odamlarning har bir qadami, har bir qo’ng’irog’i, internetdagi faoliyati nazorat ostida bo’lishi mumkin. Endi ular hukumatga yoqmaydigan saytlarga kirishdan oldin o’ylanib, o’z konstitutsion huquqlaridan foydalanishga hayiqib qoladi", - deydi faol Jamil Jafar.