AQSh Prezidenti Barak Obamaning aytishicha, Vakillar Palatasining savdoga oid qonunni tasdiqlamagani amerikalik 100 mingdan ortiq ishchi va ularning yaqinlariga to’g’ridan to’g’ri salbiy ta’sir ko’rsatadi.
Prezident Kapitoliyga borib, qonunchilarni Osiyo va Tinch okeani davlatlari bilan savdo bitimini imzolash haqidagi qonunni ma’qullashga undagan edi, ammo ovoz berish jarayonida ko’pchilik qonunni ma’qullamadi.
Kongressga qonunning AQSh tuzgan savdo bitimlari oqibatida ish o’rnini yo’qotadigan amerikaliklarga yordam berish haqidagi qismi ma’qul kelmadi.
“Bu to’g’ri ogohlantirish bo’ldi. Jarayonni to’g’rilash uchun hozir prezidentda partiyasi bilan yana ishlashi uchun vaqt bor. Bu hammasi tugadi degani emas. Ular yig’ilib, qonunni to’g’rilashsa, biz uni yana ko’rib chiqamiz. Amerika yana yetakchi bo’lishi kerak”, - deydi Vakillar palatasining ijtimoiy yordamlar bo’yicha qo’mitasi raisi Pol Ryan.
Respublikachilar ishchilarga beriladigan yordam masalasi yana ovozga qo’yilishini aytmoqda.
Oq uy so’zlovchisi Josh Ernestga ko’ra, qonunning qabul qilinishiga hali umid bor.
“Vakillar palatasi spikerida ko’poq respublikachilarni qonunga ovoz berishga undash imkoniyati borligini nazardan qochirmagan bo’lardim. Ko’proq demokratlarni ham jalb qila olamiz, deb ishonaman. Ularning aksariyati ilgari bunday dasturni qo’llab-quvvatlagan va iqtisodchilarimiz uning mamlakat bo’ylab o’rta qatlam oilalarga foydaili bo’lishini ko’rsatib bera oladilar”, -deydi u.
Qonunchilar Obamaga Tinch okeani bo’ylab savdo aloqalarini rivojlantirish bo’yicha ko’proq vakolat bergan bo’lsa-da, president hali bu borada to’liq maqsadlariga yetgani yo’q.
Qonun to’liq ijroga kirishi uchun uning barcha qismlari Kongressda ma’qullanishi kerak.