"Islomiy davlat" to'dasiga qarshi kurash hali-beri tugamaydi

  • Amerika Ovozi

Amerika boshliq xalqaro koalitsiya Suriya va Iroqda “Islomiy davlat” jangari guruhiga qarshi salmoqli yutuqlarni qo’lga kiritgan. Lekin, deydi AQSh rasmiylari, shuni unutmaslik kerakki, bu to’da urush taktikasini o’zgartirib borayapti. Koalitsiya ham shunga moslashishi lozim.

“Islomiy davlat”dan tortib olingan har bir qarich yer - odamlar ozod etildi degani. Ayollar, bolalar endi bu guruh qurgan soxta xalifalikda yashashga majbur emas”, - deydi Natan Seyls, AQShning aksil-terrorizm bo’yicha koordinatori.

Lekin Suriya va Iroqdagi yutuqlar bilan kurash poyoniga yetmaydi. Aksincha, kurash yangi pallaga kirmoqda. Gap shundaki, “Islomiy davlat” chet mamlakatlarda hujumlar uyushtirish uchun a’zolarini safarbar etayotgan bo’lishi mumkin. Bu guruh mafkurasidan ruhlanib, qotillikka qo’l urayotganlar ham bor.

“Bundan buyon AQShning o’zida terrorizm hollariga e’tibor kuchayadi”, - deydi rasmiy.

Yaqinda Qo’shma Shtatlar va uning global hamkorlari jang maydonlaridan vataniga qaytayotgan terrorchilar masalasida yangi tashabbuslarni e’lon qildi. Ikki alohida dastur bu odamlarni radikal oqimlarga qo’shilishga undagan omillarni aniqlashga, ularni jinoyat yo’lidan qaytarishga urinadi.

Bundan tashqari, radikal mafkuraning global tarmoqda yoyilishini to’xtatishga qaratilgan strategiya tasdiqlandi.

“Islomiy davlat” islom dinidan foydalanib, nafratni e’tirof etadi. Bunga qarshi nafaqat hukumatlar, balki nohukumat tashkilotlar, diniy yetakchilar, faollar va oddiy odamlar ham birgalikda kurashishi kerak”, - deydi AQSh diplomati Natan Seyls.