Olimlar COVID-19 ga qarshi dori yaratgani aytilmoqda. Kapsula ko’rinishidagi bu dori virusga qarshi samarali kurashib, kasalxonaga yotqizish sur’atini hamda o’lim hollarini tushirishi aytilmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
So’nggi ma’lumotlarga ko’ra, AQShda shu kungacha pandemiyadan 720 mingdan ortiq odam o’lgan.
“Bu vahimali raqamdir”, - deydi Oq uy matbuot kotibi Jen Psaki.
Olimlar insonlar hayotini saqlashga qodir dorilar ustida izlanmoqda. Masalan, “Merck” kompaniyasi virus ko’payishining oldini oluvchi dori yaratdi. Izlanish shu qadar muvaffaqiyatli kechdiki, klinik sinovlar hatto erta tugatildi.
Dori kasallikning boshida ichilsa, kasalxonaga yotqizish yoki o’lim xavfi ikki baravar kamayadi.
“Tabletkani boshqa dorilar kabi dorixonada olish mumkin bo’ladi. Ko’p bemorlarni tez va arzon davolash imkoni bo’ladi”, - deydi Vanderbilt universiteti professori Uilyam Shaffner.
Kaleb Ernandes shoshilinch tibbiy yordam bo’limida shifokor bo’lib, koronavirusga qarshi dorilarga doir izlanishlarni kuzatib boradi.
Uning aytishicha, ayni paytda uchta yangi dori chiqqan. Biri kislorodga bo’lgan ehtiyojni uch baravar tushiradi. Izlanishlar ortida turgan maydaroq kompaniyalarda dorilarni Oziq-ovqat va dori-darmon sifatini nazorat qilish boshqarmasidan tasdiqlatish uchun pul yo’q.
“Hukumatimiz 500 ming dollarlik izlanishlarni o’zi qilmasdan ishni xususiy kompaniyalarga topshiradi. Shu sabab ko’p innovatsiyalarga guvoh emasmiz”, - deydi shifokor.
Mutaxassislarning xavotir olishicha, amerikaliklar yangi chiqqan doriga ishonib, organizmni virusga qarshi himoyalanishga o’rgatuvchi vaksinalardan voz kechishi mumkin. Biroq boshqa mamlakatlarda koronavirusga qarshi kurashda dorilar vaksinaga qaraganda osonroq va arzonroq vosita bo’lishi mumkin.
“Salkam 2 yil davomida virusga qarshi kurashayotgan bo’lsak, har kuni odamlarning o’layotganiga guvohmiz. Oramizda koronavirusning haqiqiyligiga ishonmaydigan odamlar bor. Ular bizni fitnaga sherik yoki buni to’qib chiqaryapmiz deb o’ylashadi. Har kuni ishga borasizu, bir necha odamning o’lganiga guvoh bo’lasiz”, - deydi u.
“Merck” kompaniyasi yangi preparatni favqulodda iste’mol qilish uchun ruxsat olishni rejalamoqda. Bunga ikki oygacha vaqt ketishi mumkin.