Koronavirus epidemiyasi aviakompaniyalarga katta zarar yetkazmoqda. Hukumat cheklovlari, yo’lovchilarning xavotiri va vahimasi bunga sabab bo’lmoqda.
Janubiy Koreyaning Inchon aeroporti Sharqiy Osiyodagi gavjum aeroportlardan bo’lib, odatda u orqali har hafta 3,4 million yo’lovchi uchadi. Biroq hozir deyarli hech kimni ko’rmaysiz.
Bu nafaqat Inchon, balki dunyoning ko’plab boshqa aeroportlariga xos manzaradir. Oz sonli yo’lovchilar koronavirusga qarshi ehtiyot choralari ko’rayotganini aytadi.
“Tozalash vositalari bor, qo’limni hech narsaga tekkizmaslikka harakat qilyapman”, - deydi Seul aeroportidan uchayotgan O Suk Jin.
“Yuzimda niqob bor. Qo’lni va og’izni tozalash vositalarini ham olganman”, - deydi Yan Yerim ismli ayol.
“Reysimni bekor qilmoqchi edim, ammo ukamni judayam ko’rishim kerak”, - deydi yana bir yo’lovchi.
Ba’zi hisoblarga ko’ra, aviakompaniyalar daromadi bu yili 100 milliard dollarga kam bo’lishi mumkin. Ba’zilari parvozlarni kamaytirib, xodimlarini qisqartirmoqda.
Boshqa aviakompaniyalar esa yo’lovchilarni qo’rqmasdan uchishga da’vat etmoqda.
“Bu yordam bermaydi toki sayohatga cheklovlar mavjud ekan hamda virus hamon tarqalishda, odamlar uni yuqtirishda davom etarkan”, - deydi aviatsiya sohasi eksperti Tomas Kaplan.
Unga ko’ra, fuqarolik aviatsiyasi ko’pdan beri bunday inqirozga yuz tutmagan edi.
“Virus hozir dunyo bo’ylab tarqalgan, pandemiya. Parvozlar butun dunyo bo’ylab cheklangan, yolg’iz virus ilk tarqalgan joyda emas. 2001-yilning 11-sentabr voqealari va global moliyaviy inqirozdan keyingi holatni eslatyapti menga”, - deydi Kaplan.
Bu holat yana qancha davom etishi va hukumatlar sanoatni jonlantirish uchun qanday chora ko’rishi hozircha mavhum.