Baydenning qo'shimcha emlash haqidagi taklifi qarshilikka uchramoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh poytaxti Vashingtonda koronavirusdan o’lgan 660 mingdan ziyod odam xotirlandi. Prezident Jo Bayden emlangan odamlarga vaksinaning qo’shimcha dozasini berishni buyurgan, biroq “Pfayzer” kompaniyasining vaksinasi hozircha AQSh Oziq-ovqat va dori-darmon boshqarmasi tomonidan tasdiqlanmadi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 20-sentabr, 2021-yil

AQSh prezidentining sog’liqni saqlash masalalari bo’yicha katta maslahatchi Entoni Fauchining aytishicha, qo’shimcha vaksina yoki “buster” 65 yoshdan kattalar, jiddiy kasalligi borlar hamda o’qish va ish joyida virus yuqtirish ehtimoli yuqorilar uchun tavsiya qilingan.

Rasmiyga ko’ra, yil oxirigacha 5 yoshdan 11 yoshgacha bo’lgan bolalar ham emlana boshlashi mumkin.

Bayden respublikachi gubernatorlarni pandemiyadan siyosiy manfaatlari yo’lida foydalanayotganlikda aybladi.

“Missisipida bolalar qizamiq, tepki, suvchechak, qizilcha, gepatit B, poliomiyelit, qoqshol kasalliklaridan emlanishi shart. Biroq 660 ming odamni o’ldirgan pandemiya paytida COVID ga qarshi emlashni ham majburiy qilish taklifimni shtat gubernatori zolim qaror deb atayapti”, - deydi Bayden.

Prezidentning ashaddiy tanqidchisi bo’lgan Florida gubernatori Ron DeSantisning aytishicha, emlashni majburlash biznesga ziyon, xususiy huquqlarni poymol etadi.

“Amerika xalqiga qarshi nokonstitutsion qarorlar chiqaruvchi prezidentga qarshi turishimiz, Konstitutsiyani himoya qilishimiz kerak va Florida shtatida aynan shuni qilyapmiz”, - dedi u.

Florida shtati koronavirus bemorlari soni bo’yicha mamlakatda uchinchi o’rinda.

“Nyu-York Tayms” gazetasiga ko’ra, Bayden ma’muriyati “Pfayzer”dan qo’shimcha 500 million doza vaksina sotib olib, boshqa mamlakatlarga xayriya qilmoqchi.