Britaniya, AQSh va Kanada hukumatlari “Pfayzer” va “Biontek” kompaniyalarining koronavirusga qarshi vaksinasini ma’qullashi ketidan Yevropa Ittifoqida ham bunga da’vatlar yangramoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Britaniyada 8-dekabrdan ommaviy emlash dasturi boshlangan. Vaksinalar nafaqat yirik kasalxonalar, balki mahalliy klinikalarga ham yetkazilmoqda. Birinchi bosqichda 800 mingga yaqin doza tarqatiladi, yil oxirigacha Britaniya vaksinaning yana bir necha million dozasi bilan ta’minlanadi.
“Salkam bir yil oldin koronavirus yuqtirgan ilk bemorni davolayotgan edik, hozir esa vaksina berishga muvaffaqmiz”, - deydi Milliy salomatlik xizmatida tibbiy direktor Nikita Kanani.
Emlash dasturining birinchi bosqichida virusga oson chalinuvchi odamlar - yoshi 80 dan ulug’lar, koronavirus bemorlari bilan ishlayotgan tibbiy xizmatchilar, qariyalar uyi xodimlari va yashovchilariga xizmat ko’rsatiladi.
“Bu o’ta xavfsiz va samarali vaksina ekaniga shubha bo’lmasligi kerak”, - deydi Britaniyaning Tibbiyot va sog’liqni saqlash boshqarmasi rahbari Jun Reyn.
Shunga qaramay, aholining bir qismi vaksina qabul qilishga tayyor emasligini aytmoqda. Jahon sog’liqni saqlash tashkilotiga ko’ra, hukumatlar targ’ibot ishlarini to’g’ri yo’lga qo’yishi kerak.
“Aholiga berilayotgan ma’lumot qanchalik ochiq va shaffof bo’lsa, odamlarda vaksinaga ishonch shunchalik yuqori bo’ladi”, - deydi tashkilot bosh olimi Soumya Svaminatan.
Yevropa Ittifoqi “Pfayzer-Biontek” vaksinasini oy oxirigacha ma’qullashi kutilmoqda.
“Bu ishni tartibli ravishda yo’lga qo’yib, hammada emlanish imkoniyati bo’lishini ta’minlamoqchimiz”, - deydi Germaniya kansleri Angela Merkel.
Gumanitar tashkilotlar boy mamlakatlarni vaksinalarni g’amlab, rivojlanayotgan davlatlardagi milliardlab odamlarni himoyasiz qoldirayotganlikda ayblamoqda.
“Kambag’al mamlakatlardagi har 10 odamdan 9 nafari keyingi va balki undan keyingi yillarda ham vaksina ololmaydi”, - deydi “Oksfam” tashkilotidan Anna Marriot.
Olimlarning aytishicha, emlash butun dunyoni qamrab olmaguncha hayot normallashmaydi.
“Dunyo aholisining 70-80 foizi emlanishi kerak”, - deydi britaniyalik biolog Stergios Moskos.
Buning uchun esa milliardlab doza vaksina kerak. Uni tayyorlash uchun oylab, hatto yillab vaqt ketishi mumkin.