Imkoniyatlari cheklangan insonlar - pandemiyadan eng ko'p zarar ko'rgan toifa

  • Amerika Ovozi

Dunyo bo’ylab bir milliarddan ziyod odam imkoniyatlari cheklangan yoki nogiron hisoblanadi. Mutaxassislarning aytishicha, bunday insonlarda COVID-19 ga chalinish ehtimoli yuqoridir.

Your browser doesn’t support HTML5

Imkoniyatlari cheklangan insonlar - pandemiyadan eng ko'p zarar ko'rgan toifa

Elli Karnining “Zaytun” ismli labrador-retriver kuchugi pandemiya kunlarida unga dalda bo’ldi. Elli 27 yoshda, imkoniyatlari cheklangan.

“COVID boshlanganidan beri Zaytun men bilan birga. Tushkunlikdan meni saqlayotgan ham shu”, - deydi u.

Tibbiy mutaxassislar yordamida Elli so’nggi uch yildan beri ancha mustaqil hayot kechirmoqda, yangi voqelikka moslashmoqda.

Ellining immuniteti zaif bo’lgani uchun pandemiya davrida virus yuqtirmaslik maqsadida ko’p mashg’ulotlardan voz kechishiga to’g’ri keldi.

“Nogiron bo’lsangiz, kundalik ravishda hayotga moslashishga harakat qilishda davom etish kerak. Ammo COVID boshlanganida Elli ko’p narsalardan chekindi”, - deydi onasi Maidi Tanham Karni.

“Do’stlarimni sog’indim, faol bo’lishni qo’msayman. Bouling o’ynashni sog’indim”, - deydi Elli.

Pandemiyada Elliga o’xshagan odamlar virusga osonroq chalinadi. Virus boshqa kasalliklari bor insonlar uchun ayniqsa xavflidir. Ular tashqi yordamga muhtoj, ammo ko’p hollarda e’tiborsiz qolishadi.

“Hammaning o’ziga yarasha ehtiyojlari bor. Axir hayotda hammaga nimadir kerak. Oziq-ovqat, uy-joy, kiyim-kechak – bularsiz yaxshi hayot kechirib bo’lmaydi. Imkoniyatlari cheklangan insonlarda esa ehtiyojlari yanada ko’p. Nogironlikning turiga qarab ular har xil to’siqlarga uchraydi, har xil yordamga muhtoj”, - deydi “Inklyuziv siyosat markazi” direktori Daniel Mont.

Virjiniyada imkoniyatlari cheklangan odamlar uchun mo’ljallangan uyda yashovchi 70 yashar Muriel Krisler ismli onaxonga surunkali xizmat ko’rsatiladi. Virus tarqalishining oldini olish maqsadida bir yil oldin joriy etilgan cheklovlar asta-sekin yumshatilmoqda.

“Haftada bir marta oshxonada ovqatlansa bo’ladi. Jamoat xonasini ham ochishdi. Endi boshqalar bilan u yerda gaplashish, har xil mashg’ulotlar bilan shug’ullanish mumkin”, - deydi jismonan va ruhan nogiron ayol.

Karantin paytidagi izolyatsiya virusni jilovlashga yordam berdi, ammo odamlarning kayfiyati va ruhiyati ancha zarar ko’rdi, deydi muassasa rahbari Divina Alston.

"Bu yerda yashovchi odamlarning 70 foiziga shizofreniya tashxisi qo’yilgan. Dori-darmon qabul qilib turishsa ham gallyutsinatsiya va tushkunlikka tushish hollari ancha kuchaydi”, - deydi u.

Mutaxassislar Amerika va dunyoda bunday muammolarga doir ma’lumotlarni to’plab bormoqda.

“Imkoniyatlari cheklangan odamlarni birinchi bo’lib emlash muhimdir, ammo ko’p mamlakatlarda bunday bo’lmayapti. Oila a’zolariga bog’liqlik zo’ravonlikni keltirib chiqarishi va kuchaytirishi mumkin”, - deydi “Xalqaro nogironlar alyansi”dan Ilhom Yusufiyan.

AQShda aholining 61 millioni imkoniyatlari cheklangan bo’lib, ko’plari maxsus muassasalarda birgalikda yashaydi. Bunday sharoit ularni koronavirus nishoniga aylantirdi.

“O’lim hollarining 33 foizi ana shunday jamoalarga to’g’ri keladi. Qariyalar va nogironlar uylarining pandemiyada qopqon bo’lishini bashorat qilsa bo’lardi. Nazorat o’ta yomon bo’lgan. Bunday muassasalarda xizmatchilar yetishmadi, xodimlar puxta tayyorgarlikdan o’tkazilmadi”, - deydi “Amerika fuqarolik erkinliklari ittifoqi”dan Syuzan Mizner.

Bayden ma’muriyati tibbiy xizmat ko’rsatishdagi tengsizlikni o’rganish uchun maxsus guruh tuzdi.

“Shifokorlarimiz, hamshiralarimiz, psixologlarimiz, ijtimoiy xizmatchilarimiz attestatsiyadan o’tayotganda imkoniyatlari cheklangan insonlar madaniyati, xulqi, fuqarolik huquqlariga doir qonunlar haqida bilmaydi. Bu o’z navbatida tibbiy xizmat sifatiga ta’sir qiladi”, - deydi guruh a’zosi, huquqshunos Endryu Imparato.

Prezident Bayden maxsus muassasalar va uyda nogironlarga xizmat ko’rsatishni yaxshilash uchun Kongressdan 400 milliard dollar so’ragan. Qonun loyihasi qabul qilinsa, Elli va uning onasiga qarayotgan xizmatchilarning maoshi oshiriladi.

“Nogironlarga bevosita qaraydigan odamlar hozir soatiga 13-14 dollar oladi. Maoshni oshirish kerak, shunda ular haftada to’liq ishlab, ro’zg’orini tebratish uchun yetarlicha maosh oladi”, - deydi Ellining onasi.

Pul juda muhim, deydi Muriel Krisler, biroq odamlarning imkoniyatlari cheklangan insonlarga bo’lgan munosabatini yanada yaxshilash kerak. Nogironlar muvaffaqiyatga erishishi uchun bir oz yordamga muhtoj, deydi u.

“Men ko’chadagi har qanday odam kabi normal insonman. Ruhiy kasalligim bor, dori ichib turaman, davolasa bo’ladigan kasallik. Oyoqlarim bo’lganida hamma narsani o’zim qilardim”.