Tramp ma’muriyati koronavirus pandemiyasi sabab grin karta lotereyasini vaqtincha to’xtatib qo’ydi. O’tgan yilgi tanlov g’oliblari AQShga kelib, pandemiya paytida qiyinchiliklarga yuz tutmoqda.
Grin karta lotereyasida omadi chopganidan so’ng indoneziyalik Erik Olamshoh rafiqasi va ikki farzandi bilan 2019-yil oxirida AQShga ko’chishga qaror qiladi.
Erik Jakartada 8 yil axborot texnologiyalari sohasida ishlagan. Katta tajribaga ega bo’lishiga qaramay, Amerikada hanuz ish topa olgani yo’q.
“Axborot texnologiyalari bilan bog’liq ishlarga ham, do’konlarga ham ariza yubordim, ammo hozircha faqat oziq-ovqat do’konlari, dorixona, uy mollari do’konlaridan javob kelyapti, xolos. O’z soham bo’yicha ish topish uchun balki bir oz kutishim kerakdir”, - deydi u.
Vaqtni bekor o’tkazmaslik maqsadida Erik Merilend shtatidagi bir do’konga kassirlikka ishga kirdi.
Viniya Agnessiya ham indoneziyalik. Sumatra orolida tibbiy oliygohning stomatologiya bo’limida o’qigan. Grin kartani qo’lga kiritganidan so’ng o’qishni tashlab, o’tgan yil oxirida Nyu-Yorkka ko’chib borgan.
Diplomsiz, ish tajribasisiz Agnessiya Nyu-Yorkda ish qidirib sarson bo’ldi. So’ng yapon restoraniga yarim stavkaga ofitsiantlikka olishadi, biroq bir necha oydan so’ng pandemiya boshlanib, restoran yopiladi, Agnessiya esa dunyodagi eng qimmat shaharlardan birida ishsiz qoladi.
“Ota-onam mendan xavotir olyapti. Nafaqat koronavirusni deb, balki moliyaviy ahvolim uchun. Axir ishsizman. Ularga “xavotir olmanglar, muhimi, bu mamlakatda qonuniy muhojirman, demak davlatdan moliyaviy yordam olishga haqliman” dedim”, - deydi u.
Ishidan ayrilgan aholi davlatdan 1200 dollarlik bir martalik moliyaviy yordam oldi hamda har hafta 600 dollar miqdorida ishsizlik nafaqasini olmoqda. Agnessiya bu pullarni ijara, kommunal to’lovlar, oziq-ovqat, transport uchun sarflamoqda.
Erik Olamshohning oilasi mavhumlikka yuz tutayotganiga qaramay, Amerikada hayot yaxshi bo’lib ketishidan umidvor.
“Farzandlarimizni deb keldik bu yerga. Ta’lim olishsin deb. Qiyinchiliklardan o’tishga majburmiz. Hammasi yaxshi bo’lib ketadi degan umiddaman”, - deydi uning rafiqasi.
Har yili AQShga grin karta lotereyasi dasturi orqali 55 ming odam keladi. Hozir ularning aksariyati ko’plab amerikaliklar kabi og’ir kunlarni boshdan kechirmoqda.