Koronavirus Turkiyada yashayotgan salkam 4 million suriyalik qochqin hayotini yanada og’irlashtirdi. Ba’zilari vataniga qaytib ketmoqda. Qochqinlarning ko’pida qonuniy ishlashga ruxsat yo’q. Ular qurilish, qishloq xo’jaligi, mehmonxonalarda naqd pulga ishlashga majbur. Karantin paytlarida ko’p odam ishsiz qoldi.
Your browser doesn’t support HTML5
“Odamlarning pul ishlash imkoniyatlari cheklandi. Oddiy ehtiyojlarini qoplashga ojiz bo’lishdi – suv, tibbiy xizmatlar, elektr quvvati uchun, masalan. Natijada kimdir qarzga kirib, hayoti yanada og’irlashdi”, - deydi suriyalik qochqinlar ahvolini o’rgangan Xalqaro Qizil Xoch qo’mitasining Turkiyadagi vakili Jonatan Brass.
Turkiya Qizil Yarim Oy jamiyati bilan o’tkazilgan izlanish natijasidan shunisi ma’lumki, o’tgan bir yilda qochqinlar qarzi 50 foizga oshgan.
“Kamomad odamlar iste’mol qilayotgan oziq-ovqat sifati, miqdori va turiga salbiy ta’sir qildi. Kommunal xizmatlar, uy ijarasi uchun ham qarzlari oshgan”, - deydi Brass.
Xalqaro Qizil Xoch qo’mitasi Yevropa Ittifoqidan olingan pulni Turkiyada yashayotgan qochqinlarga ulashib turadi. Anqara va Bryussel qochqinlarning Yevropaga oqimini cheklash maqsadida 2016-yilda shunga kelishgan edi.
Yordam puli bir oila a’zosiga oyiga taxminan 18 dollarga teng. Yevropa Komissiyasi prezidenti o’tgan hafta qo’shimcha pul ajratilishi haqida gapirdi.
“Turkiyadagi qochqinlarga 2024-yilgacha yordam berish maqsadida qo’shimcha 3 milliard yevro ajratishni rejalayapmiz”, - dedi Ursula fon der Leyen.
Qochqinlar Turkiyaning koronavirusdan emlash dasturidan foydalanish imkoniyatiga ega. Joriy oyda karantin choralarining yengillashtirilishi oqibatida qochqinlarda pul ishlashga imkoniyat yanada oshishi kutilmoqda.
Biroq tanqidchilarning aytishicha, Yevropa va G’arb Suriya qochqinlari muammosini hal qilish uchun uzoq muddatli yechim taklif etishi, jumladan Turkiyaga bosimni yengillashtirish maqsadida qochqinlarni ko’chirish dasturlarini tezroq joriy etishi zarur.