COVID-19 AQSh iqtisodiyotiga jiddiy zarba bermoqda

  • Amerika Ovozi

AQShda bir necha haftalik karantin ketidan ayrim shtatlar qoidalarni yengillashtirmoqda. Ishsizlik kuchayar ekan, iqtisodiyot katta zarar ko’rmoqda, deydi Oq uy iqtisodiy maslahatchisi Kevin Xasset.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 27-aprel, 2020-yil

“Iqtisodiyotimizga shu paytga qadar eng katta zarba bo’ldi. Ishsizlik Buyuk tushkunlik davridagi holatga yaqinlashmoqda”, - deydi u.

Xassetning aytishicha, 2008-yilgi moliyaviy inqiroz natijasida 8,7 million odam ishidan ayrilgan edi. Shtatlar moliyaviy kamomadga yuz tutmoqda, chunki ishsizlik bo’yicha nafaqalar to’lash bilan birga bizneslarning yopilgani natijasida soliqdan tushum ancha kamaygan. Ayrim gubernatorlar Kongressdan keyingi yordam paketida shtatlarga ham pul ajratishni so’ramoqda.

“Koronavirusga qarshi kurashning oldingi chiziqlaridamiz. Odamlar oyoqqa turib olish uchun ularni zarur xizmatlar bilan ta’minlashimiz lozim. Iqtisodiyot tiklanmasa bo’lmaydi”, - deydi Gubernatorlar uyushmasi rahbari, Merilend hokimi Larry Xogan.

Biroq respublikachi qonunchilar va Oq uydagi iqtisodchilar 2 trillion dollardan oshiq miqdorda yordam ajratilganiga ishora qilib, federal qarzni ortiq ko’paytirmaslikka chaqirmoqda.

“Qonunchilikning keyingi bosqichida uzoq muddatni ko’zlashimiz zarur. Albatta, qisqa muddatli ishlar ham qolib ketmasligi kerak, ammo qarzni uzoq muddatda to’g’irlashni ham o’ylash kerak”, - deydi Kevin Xasset.

Ayrim qonunchilar va gubernatorlar nazarida, iqtisodiyotni butunlay qayta ochishdan oldin koronavirusni aniqlashga qaratilgan ko’proq testlar o’tkazish kerak.

“Minnesotadagi go’sht kombinatlari, oziq-ovqat fabrikalarini qayta ishga tushirishdan oldin testlashtirishni ikki karra ko’paytirish lozim. Oziq-ovqat ta’minoti zanjirida muammolarga duch kelamiz”, - deydi Minnesotadan saylangan senator Eymi Klobuchar.

Michigan gubernatori Gretchen Vitmer shtatda karantinni 15-maygacha uzaytirishni buyurib, ba’zi kompaniyalarning ishlashiga ruxsat berdi.

“Test natijasida COVID-19 borligi aniqlangan odamlarni alohida tutishga doir reja ishlab chiqishimiz kerak”, - deydi u.

Gubernatorlar ham, Kongressdagi qonunchilar ham iqtisodiyotni tiklash va aholi salomatligini ta’minlashni muvozanatga solish bilan birga keyingi yordam paketi muhokamasi doirasida siyosiy kurashga ham tayyor turishi kerak.