Koronavirus AQSh g'animlarini zaiflashtirmoqda

  • Amerika Ovozi

Eron aprel oyida ilk harbiy sun’iy yo’ldoshni uchirishi ketidan AQSh Vakillar palatasi a’zolarining 90 foizi bu mamlakatga nisbatan qurol embargosini uzaytirishga hozirlik bildirdi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 5-may, 2020-yil

Shu bilan birga, mintaqada koronavirusdan eng katta zarar ko’rgan Eronga dorilar va tibbiy jihozlarni import qilishiga imkon berish maqsadida savdo va moliyaviy sanksiyalarni yumshatishga da’vatlar ham yangramoqda.

“Sanksiyalarning aholiga salbiy ta’sirini kamaytirishga qaratilgan ma’naviy majburiyat sifatida ko’raman buni”, - deydi “Yangi Amerika xavfsizligi markazi”dan Piter Xarel.

Venesuelada AQSh sanksiyalaridan oldin ham oziq-ovqat va dori-darmon tanqis bo’lgan. Qo’shma Shtatlar mamlakatning sotsialist rahbari Nikolas Maduroni zaiflashtirishni maqsad qilgan.

Koronavirus pandemiyasi va neftning arzonlashishi vaziyatni yanada og’irlashtirdi. AQSh Davlat departamenti Venesuelada Madurosiz muvaqqat hukumat tuzilsa, sanksiyalarning bir qismini bekor qilishga va’da berdi. Biroq Karakas Amerika taklifiga ko’nmadi, Maduro esa pandemiya sabab kelasi yilga rejalangan parlament saylovlari bekor qilinishi mumkinligiga ishora qildi.

Shimoliy Koreyaning yosh rahbari uzoq tanaffusdan so’ng yana jamoatchilikka ko’rindi. Kim Jon Un 20 kundan oshiq vaqt qayerda bo’lgani ma’lum emas. Pxenyan mamlakatda koronavirus yo’q deb keladi. Biroq ayrim kuzatuvchilar bunga shubha bilan qaramoqda.

Dunyoning qashshoq mamlakatlaridan biri bo’lgan Shimoliy Koreya ham AQSh sanksiyalariga uchragan. Sanksiya tarafdorlariga ko’ra, avtoritar mamlakatlarga koronavirusga qarshi kurash uchun yordam berishdan foyda yo’q – ular pulni qurollar va boshqa noqonuniy maqsadlarga sarflaydi.

“Agar pandemiya paytida AQSh sanksiyalariga uchragan rejimlar virusga qarshi kurash uchun o’z mablag’larini sarflasa, bu AQSh milliy xavfsizligi uchun yaxshi bo’ladi”, - deydi Vashingtondagi Demokratiyalar himoyasi uchun jamg’armadan Richard Goldberg.

Pandemiya Amerika g’animlarini zaiflashtirayotgan bir paytda inson huquqlari tashkilotlari Vashingtonni avtoritar rahbarlarga bosimni ushlab turish bilan birga bu mamlakatlarda yashayotgan aholining gumanitar ehtiyojlarini inkor etmaslikka chaqirmoqda.