Tramp: AQSh COVID-19 ga qarshi kurashda xorijiy mamlakatlarga yordam berishga tayyor

  • Amerika Ovozi

AQSh Prezidenti Donald Tramp koronavirusga qarshi kurashda boshqa mamlakatlarga yordam berishga tayyor ekanini bildirmoqda. Hatto Shimoliy Koreya va Eron kabi g’anim mamlakatlarga ham.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 24-mart, 2020-yil

“Boshqa mamlakatlar bilan aloqadamiz. Bizdan ko’p savol so’rashyapti. Axir bu kasallik bilan oldin yuzlashmaganmiz. Kerak bo’lsa, hammaga yordam berishga tayyormiz”, - dedi Tramp.

AQSh Kongressi mart boshida koronavirusga qarshi kurash uchun salkam 8 milliard dollar ajratgan bo’lsa, shundan bir milliard dollardan ziyodi xorijiy yordam uchun atalgan.

“Asosan qashshoq mamlakatlarda va ayniqsa Afrikada kasallikni aniqlash, kuzatish, kasal bo’lgan odam bilan aloqada bo’lganlarni aniqlash, ularni izolyatsiya qilish bo’yicha imkoniyatlarni kuchaytirishga 300 million dollar ajratilgan”, - deydi Vashingtondagi Xalqaro va strategik izlanishlar markazidan Stiven Morrison.

Biroq Tramp ma’muriyati taklif etayotgan 1 trillion dollardan oshiq yangi yordam paketida xorijiy yordam uchun pul ajratilmagan.

“Iqtisodiy yordam paketida bu yo’q, ammo, masalan, Afrikada SPIDga qarshi kurash uchun milliardlab dollar beryapmiz”, - dedi Tramp.

Bu o’rtada Xitoy kompaniyalari koronavirusni aniqlovchi test tizimlari, tibbiy anjomlar va dorilarni Yevropaning ayrim mamlakatlari va Afrikaning barcha 54 davlatiga sotmoqda yoki xayriya qilmoqda.

“Xitoy o’zini yaxshi ko’rsatish uchun koronavirusdan foydalanishga urinmoqda. Ayniqsa AQSh va Yevropaning harakatsizligi fonida. Xitoyning faollashgani va AQShning harakatsizligi, liderlik bobidagi harakatsizligi tashvishga solmoqda”, - deydi Vashingtondagi Vilson nomidagi tahlil markazidan Robert Deyli.

Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti Katta Yigirmalikka a’zo mamlakatlar rahbarlaridan tibbiy xizmatchilar uchun himoya vositalarini ko’paytirishni so’ramoqda. 26-mart kuni Katta Yigirmalik rahbarlari onlayn rejimda koronavirusga qarshi global kurash xususida fikr almashadi.