Qirg’izistonda koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida blokpostlar qo’yilgan

Qirg’izistonda koronavirus tarqalishining oldini olish uchun 23-martdan boshlab poytaxt Bishkek va viloyatlarga kirishda blok-postlar qo’yildi.

Your browser doesn’t support HTML5

Qirg’izistonda koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida blokpostlar qo’yilgan

Issiq-Ko’l viloyatiga borayotganlar Baliqchi shahriga kirishda uzun navbatda turib, ro’yxatga olinishi, teplovizor yordamida ko’rikdan o’tishi kerak.

“Nafaqat tana harorati tekshirilmoqda. Odamlarning hujjatlarini ko’rib, qayerdan kelishayotganini ham surishtiryapmiz. Shunga navbatlar hosil bo’lyapti. Agar kimdir Bishkekdan kelayotgan bo’lsa, qaytishiga avtoulov topib berishimiz kerak. Issiq-Ko’l aholisi zaruratsiz viloyatdan tashqariga chiqa olmaydi”, - deydi Baliqchi shahar hokimi vakili Tilek Kurmanaliyev.

Mamlakat bo’ylab o’xshash tartib joriy etilgan. Viloyatlar o’rtasida jamoat transporti qatnovi to’xtatilgan.

"23-martdan boshlab, odamlar bir viloyatdan boshqasiga bora olmaydi. Viloyatdan tashqariga chiqish uchun tibbiy hujjatlari bo’lishi kerak. Xalqimiz vaziyatni to’g’ri qabul qilib, barcha qoidalarga rioya qiladi degan umiddaman”, - deydi Sog’liqni saqlash vazirligidan Cho’lpon Bayzakova.

Koronavirus yuqtirgan odamda 14 kungacha kasallik alomatlari ko’rinmasligi mumkin. Tana haroratini o’lchash doim ham kasalni aniqlashga yordam bermaydi.

Qirg’izistonliklar yangi choralarga ijobiy yondashmoqda.

“Salomatligimiz haqida qayg’urishayotganlaridan xursandman. Hammamiz ehtiyot bo’lishimiz kerak. Qo’llarimizni yuvib, gigiyena qoidalariga rioya qilib, uyda o’tirishimiz kerak”, - deydi bir haydovchi.

“Bunday vaziyatda yo’lga chiqmagan ma’qul. Uyda o’tiramiz”, - deydi yana biri.

25-martga qadar Qirg’izistonda 44 odam koronavirus bilan kasallangani aniqlandi. Ba’zi ma’lumotlarga ko’ra, xorijdan qaytayotgan qirg’izistonliklarni Bishkek yaqinidagi “Manas” aeroportiga qo’shni harbiy bazaga karantinga joylashtirishmoqda.