Hisobot: 2017-yil 40 dan ortiq jurnalist kasbi tufayli halok bo'lgan

  • Amerika Ovozi

Maltada halok bo'lgan jurnalist Dafne Karuana Galisiya sharafiga yoqilgan shamlar

21-dekabr kuni Nyu-Yorkda joylashgan Jurnalistlarni himoya qilish xalqaro qo’mitasi 2017-yilda dunyo bo’ylab o’z ishini bajarayotib halok bo’lgan jurnalistlarga bag’ishlangan hisobotini chiqardi.

Hujjatga ko’ra, 2017-yilning 1-yanvaridan 15-dekabrigacha dunyo bo’ylab 42 jurnalist nobud bo’lgan. Yana 20 jurnalistning o’limiga aynan ularning kasbiy faoliyati sabab bo’lgan-bo’lmaganini tekshirgan tashkilot ma’lumot va dalillar taqchilligi bois uzil-kesil xulosaga kelmagan.

Bu ma’noda eng talafotli davlatlar – Suriya va Iroq hamda Meksika bo’ldi. Suriya va Iroqdagi o’limlarga urushning sabab bo’lganini payqash qiyin emas. Meksikaga kelsak, bu mamlakat azaldan mustaqil jurnalistlar uchun tahlikali bo’lib keladi. 2017-yilda kamida 6 jurnalist aynan ish bilan mashg’ul paytida o’ldirilgan. Ulardan biri ko’p yillardan beri mustaqil taftishlar olib borib, kartel – jinoiy guruhlarga oid reportajlar tayyorlagan va kitoblar yozgan va buning evaziga 2011-yilda Qo’mita mukofotiga sazovor bo’lgan jurnalist Xavyer Valdes Kardenas. Qotillar uni 15-may kuni ishxonasi yonida mashinasidan sudrab chiqib, otib tashlagan.

Rossiyada tugayotgan yilda ikki jurnalist o’ldirilgan. Ikkovi ham rasmiylar orasida korrupsiyaga oid reportajlar tayyorlagan. Bu qotilliklar Rossiya uchun 2013-yildan buyon birinchi bo’ldi.

Hisobotdagi xulosalarga ko’ra, jurnalist uchun siyosatni yoritish – eng xavfli ish. Jurnalistlar orasida eng katta tahdidga yuz tutadiganlar – operatorlar. O’ldirilgan jurnalistlarning 90 foizi – mahalliy muxbirlar.

Nobud bo’lgan jurnalistlarning 19 foizi – ayollar. Bu an’anaviy 7 foizdan ancha ko’p.

O’ldirilgan ayol jurnalistlardan ikki nafari qonun ustuvorligi ta’minlangan deya hisoblanadigan Yevropa Ittifoqidan. Biri – maltalik mashhur bloger Dafne Karuana Galisiya. U rasmiylar orasidagi korrupsiya haqida ko’p yozgan, hatto Ozarbayjon prezidenti oilasiga oid maxfiy moliyaviy sxemalarni oshkor etgan. Oktabrda u mashinasini haydab ketayotganida portlab ketdi. Aftidan, qotillar jurnalist avtomobiliga uzoqdan boshqariladigan bomba o’rnatgan va u mashinaga o’tirishi bilan knopkani bosgan.

Yana biri – shvetsiyalik jurnalist Kim Uoll. U daniyalik ixtirochi Piter Madsendan intervyu olish niyatida uning o’zi yasagan suv osti kemasiga chiqqan. Ko’p o’tmay uning bosh, qo’l va oyoqsiz jasadi suvdan topildi. Kema esa suvga cho’kib bo’lgan edi. Madsen qotillikda ayblanib hibsga olindi. Undan keyingi bir necha hafta davomida politsiya jasadning kallasi, oyoqlari va qo’llarini alohida-alohida dengizdan topishga muvaffaq bo’ldi.

Hisobot mualliflari hukumatlarni jurnalistlarni himoya qilishga, ularning haq-huquqlari va ish faoliyatlarini qonun tomonidan munosib muhofaza qilishga chaqiradi.