O'zbekistonlik jurnalist Ukrainada 40 kunlik hibsda

  • Amerika Ovozi

Kiyev

Uzoq yillar O'zbekistonda milliy teleradiokompaniyada mehnat qilib, "Ozodlik" singari chet eldan turib o'zbek tilida axborot beruvchi vositalarda o'z tanqidiy tahlili bilan tanilgan Nazrullo Oxunjonov vatanni siyosiy bosim ostida tark etgan edi. Turkiyadan yaqinda Ukrainaga borgan va siyosiy boshpana so'rab murojaat qilgan jurnalist Kiyev sudi qaroriga ko'ra 40 kunlik hibsga mahkum etilgan.

Oxunjonov - “O‘zbekiston” radiokanalida siyosiy, huquqiy va ma’rifiy eshittirishlar bo‘limining sobiq muharriri.

Ukraina hukumatiga ko'ra, uning hibsga olinishiga sabab - ismi-sharifi Interpol tomonidan qidiruvga berilgan shaxslar ro‘yxatida ekani.

Nyu-Yorkda asoslangan Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi Ukraina hukumatidan Oxunjonovni O‘zbekistonga ekstraditsiya qilmaslikni so'ramoqda. Tashkilot nazarida jurnalist soxta aybnoma bilan "Interpol" ro'yxatiga tushgan.

Nazrullo Oxunjonov, tanqidiy tahlili bilan tanilgan jurnalist

Oxunjonovning advokati Aleksey Fyodorovning bildirishicha, mijozi tergov yakunlanguniga qadar ozod etilmasligi mumkin.

Jurnalist 20-sentabr kuni oilasi bilan Kiyevga uchib borgan va darhol politsiya tomonidan olib ketilgan.

O‘zbekiston huquq-tartibot organlari Oxunjonovni tovlamachilikda ayblab xalqaro qidiruvga bergan.

Advokat Fyodorovning aytishicha, Oxunjonovning o‘zi bu ayblovlarni inkor qilmoqda va siyosiy sabablar bilan O‘zbekistonni tark etishga majbur bo‘lganini aytmoqda.

“Oxunjonov O‘zbekistonda jurnalistik faoliyati uchun kuchli tahdid ostida qamoqqa hukm qilinishi mumkin. O‘zbekistonda jurnalistlarni tanqidiy ijodi uchun ta’qib qilish odatiy hol”, - deydi Jurnalistlarni himoya qilish xalqaro qo‘mitasining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha koordinatori Nina Ognyanova.