"Qrimdagi referendum va uning natijasi xalqaro qonunlarga ziddir"

  • Amerika Ovozi

Sevastopol, 18-mart, 2014

Bir mamlakatdan ajralib chiqib mustaqil o’lkaga aylanish xalqaro qonunlarga zidmi? Qrimda o’tgan referendum va uning natijasi noqonuniy, deydi uzoq yillar Amerika hukumatida huquqshunos bo’lib ishlagan Jon Bellinjer.

Your browser doesn’t support HTML5

Amerikalik huquqshunos: Qrimdagi referendum va natija xalqaro qonunlarga ziddir - Navbahor Imamova


Dunyo bo’ylab, biror hudud mustaqillik talabi bilan chiqqanida, odatda bu harakat olqishlanadi. Lekin, ko’p hollarda, ajralish harakati xalqaro qonunlarga qarshi qadam, deydi Jorj Bush prezidentligi davrida Davlat departamentida yuristlik qilgan Bellinjer.

“Xalqaro qonunlarda aholi o’z taqdirini o’zi belgilasin deyiladi, lekin davlatning hududiy yaxlitlik prinsipi ustun qo’yiladi. Juda kam hollarda biror mintaqaning ajralib chiqishiga asosli deb qaraladi. Xususan, agar davlat bu mintaqa aholisining huquqlarini poymol etgan bo’lsa, uni kamsitgan yoki bu xalqqa nisbatan yoppasiga jinoyatlar qilingan bo’lsa, masalan qirg’in yoki qatliom”.

Bellinjer deydiki, Qrimdagi rusparastlar Kiyevdagi yangi hukumat ularga qarshi siyosat olib boradi deya xavotir bildirdi, ammo amalda dunyo bunga guvoh emas. Shunday ekan, Qrimning ajralishi xom va asossiz, deydi huquqshunos.

Rossiya bu kabi iddaolarni safsata deb hisoblaydi. Qrim azaldan ruslarniki bo’lgan va shunday bo’lib qoladi, deydi prezident Vladimir Putin. Buning ustiga, deydi u, aholining aksariyati shuni istaydi.

Jon Bellinjer nazarida bu da’volar asossiz, yuridik jihatdan.

“Tarixiy faktlar va Qrimdagi bugungi kayfiyat – xalqaro qonunlar buni tan olmaydi, ya’ni ajralib chiqishga sabab bo’la olmaydi. Aks holda xalqaro tizim parchalanib, yo’q bo’lib ketishi mumkin”.

Bellinjer fikricha, Qrim misoli dunyoning boshqa chekkalarida ham shunday holatlarga turtki berishi mumkin. Masalan, Ispaniya, Kipr yoki Sharqiy Osiyoda.

Rossiya Qrimning Ukrainadan ajralib chiqishini Kosovoga o’xshatadi, 2008-yilda Serbiyadan mustaqil bo’lgan o’lka.

Bellinjer esa Qrim va Kosovo orasida katta farq bor, deydi.

“Kosovo umuman boshqacha masala bo’lgan. Yugoslaviya parchalangan va bu o’lkaning mustaqillikka erishishi shu murakkab, qonli jarayon oqibatidir. Kosovo BMT nazoratida yashagan, 10 yildan ortiq. Kosovo ahli serb hukumati tomonidan uzoq davr azoblangan, kamsitilgan, qirg’inga uchragan. Bu holatlar hujjatlangan va xalqaro maydonda muhokama qilingan. BMT maxsus vakili bu masala bilan shug’ullangan. Kosovo mustaqilligi BMT tomonidan tavsiya qilingan va xalqaro hamjamiyat buni quvvatlagan. Qrimda buni ko’rmadik, to’g’rimi?”

Bellinjer deydiki, Rossiya BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zosi ekan, xalqaro qonunlarni buzgani uchun uni javobgar tutish juda qiyin. Bosh Assambleyada qabul qilingan rezolyutsiya esa biror kuchga ega emas, timsoliy hujjatdir, deydi u.