Rossiya Qrimni qo'shib olganiga 5 yil bo'ldi

  • Amerika Ovozi

2014-yil 16-martida Qrimda bo’lib o’tgan referendum natijasida yarimorol Rossiya hududiga aylandi. Ukraina va G’arb bu jarayonni anneksiya deb keladi, Birlashgan Millatlar Tashkiloti hujjatlarida ham Qrimning Rossiya hududi ekani tan olinmaydi. Natijada Rossiya qator sanksiyalar bilan jazolandi, ammo Qrimdan voz kechish niyati yo’q.

Ukrainada 2014-yilgi inqilobga qarshi chiqqan Rossiya harbiylariga yarimorolda davlat idoralarini egallab olishni buyuradi. Referendumda qatnashgan Qrim aholisining 95 foizi Rossiyaga qo’shilishga ovoz beradi. Prezident Vladimir Putin saylov natijasini olqishlaydi.

“Uzoq va mashaqqatli safardan so’ng Qrim va Sevastopol ona bandargohga, qadrdon Rossiya bag’riga qaytmoqda”, - degan edi Putin.

Rossiya rahbari shu hafta yana Qrimda bo’lib, so’nggi besh yilda erishilgan yutuqlarni olqishladi.

Yarimorolda ikkita yangi elektrostansiya qurildi, Qrimni Rossiyaga ulovchi yirik ko’prik barpo etildi, yangi temiryo’l shu yili ishga tushishi kutilmoqda.

“Amerika Ovozi” bilan gaplashgan qrimliklar bu ishlarga ijobiy baho berdi.

“Hamma joyda kata-katta qurilishlar”, - deydi ulardan biri.

Qrim Rossiya tarkibiga qo’shilishi ketidan Putinning reytingi oshib ketdi. Biroq hozir tushmoqda.

Qo’shma Shtatlar, Yevropa va yana bir necha mamlakat bu siyosatga qarshi chiqib, Rossiyaga sanksiyalar qo’lladi.

“Qrim sindromi kuchini yo’qotib boryapti. Nafaqa tizimi islohoti, nafaqa yoshining ko’tarilishi ketidan aholi qiyinchiliklarni his qila boshlagan”, - deydi Rossiya bo’yicha tahlilchi Masha Lipman.

Oy oxirida Ukrainada prezident saylovlari bo’lib o’tadi. Yetakchi nomzodlar Yevropa Ittifoqi va NATOga a’zolik yo’lidan qaytmaymiz, deyishgan. Putin Ukrainaga qarshi yangi harbiy harakatga qo’l urishi mumkinmi?

“Rossiya siyosatchilari Ukrainadan charchagan. Yangi harbiy intervensiya, Azov dengizining yopilishi, Donbassda harbiy provokatsiyalar bo’ladi deb o’ylamayman”, - deydi iqtisodchi Vladislav Inozemsev.

AQSh va Yevropa Qrimni Rossiya hududi sifatida aslo tan olmasligini shu hafta yana bir bor ta’kidlab o’tgan.