Ukraina-Rossiya ixtilofi davom etar ekan, Rossiya tarkibiga qo'shib olingan Qrim yarimorolida mahalliy tatarlar ahvoli yanada og'irlashmoqda. Matbuot xabarlariga ko'ra, yaqinda bedarak yo`qolgan qrim-tatarlardan biri Edem Asanovning jasadi Simferopol chekkasidagi tashlandiq joydan topilgan. Edem Asanov hozirgacha g'oyib bo'lgan 18 nafar qrimlikdan biri. Qrim-tatar Milliy Majlisi vakillari BMT Xavfsizlik kengashi hamda Islom konferensiyasi tashkilotiga shikoyat qilib, madad so'ramoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Asanovning dafn marosimi 7-oktabrga belgilangan. Ayni paytda jasad tibbiy ekspertizadan o`tkazilmoqda, ammo bu ekspertiza uning o`limi sabablarini oydinlashtishiga umid deyarli yo'q. Hukumat Asanovning qarindoshlariga bosim o'tkazishi ehtimoli ham kuchli.
Yana sakkiz qrim-tatar faollaridan darak yo'q.
6-oktabr kuni Kiyevda matbuot anjumani o'tkazgan qrim-tatarlar yetakchisi Mustafo Jemilevga ko`ra, o`g`irlanganlarning aksariyatini o`z fuqarolik pozitsiyasini ochiq namoyon etgan shaxslar tashkil etadi.
"Rossiya okkupatsiyasi boshlanishi bilanoq o`g`irlab ketilgan Reshad Amirxonovni ko`ziga pichoq tiqib o`ldirishgan edi. Uning aybi - Qrimda "zangori odamchalar" paydo bo`lgach, shahar maydoniga Ukraina bayrog'i bilan chiqib, "Yo`qolsin okkupatsiya" deb hayqirgani bo`ldi. Bedarak ketgan boshqalar ham Ukraina yaxlitligi bo`yicha o`tgan aksiyalarda faol qatnashishgan", - deydi Jemilev.
Qrimda boshlangan repressiya sabab qrim-tatarlar Ukraina, Gruziya yoki boshqa davlatga deportatsiya qilinishi mumkinligi haqidagi gap-so`zlar urchigan.
"BMT Xavfsizlik kengashiga, Islom konferensiyasi tashkilotiga alohida murojaat bilan chiqdik. Sababi bugun qrim-tatarlar to`qnash turgan represssiyalar Xavfsizlik kengashining bu borada alohida majlis o`tkazishiga zaruriyat tug`dirgan. Islom konferensiyasi tashkilotining maqsadlaridan biri musulmonlarning huquqlarini himoya qilishdir. Qrimda esa aynan musulmonlar tazyiq ostida. Qrim hukumati okkupatsiyani qabul qilmayotgan aholi yo`qotilishini ochiq aytmoqda. Bu bosqinni qabul qilmayotganlar esa, asosan, qrim-tatarlardir", - deydi Mustafo Jemilev.
Qrimning tub aholisi bo`lgan qrim-tatarlar yarimorolning Rossiya tomonidan tortib olinishiga keskin qarshi. Biroz avval Qrim masalasi Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Mustafo Jemilov o`rtasida o`tgan telefon muloqotida ham muhokama qilingan edi.
"Rossiya bosqin masalasida qrim-tatarlar, hech bo`lmaganda, neytrallik maqomini egallaydi, degan umidda edi. Ammo biz okkupatsiyaga qat`iyan yo`q dedik. Qrim-tatarlariga nisbatan munosabat o`zgarishi, repressiyalar boshlanishi shundan", - deydi Jemilev.
Ukraina prokuraturasi Qrimda odamlarning bedarak yo`qolishi bo`yicha jinoiy ish ochgan.