Qrim-tatarlar ertangi kundan xavotirda

Qrim-tatarlar Milliy Majlisi bu elatning huquq va erkinliklari kafolatlanishini talab qilmoqda. Yarim orol Rossiyaga qo’shilganidan beri qurollangan mahalliy guruhlar tatarlarga nisbatan tavojuz va tahdidlar qilmoqda, deydi jamoa vakillari. Ko’plar vatanni tark etmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Qrim-tatarlar ertangi kundan xavotirda - Malik Mansur


Qrim-tatarlarning huquqlarini ta’minlashga chaqiruvchi murojaati Milliy Majlisning kengaytirilgan yig’inida qabul qilingan. Majlis raisi o’rinbosari Nariman Jalilovga ko’ra, murojaat referendumni boykot qilgan tatarlarga nisbatan tahdid oshayotgani bilan bog’liq.

“Biz Qrimdagi vaziyat nazoratini amalga oshirayotgan mahalliy qo’riqchilar qurolsizlanishini, xavfsizlik to’liq huquq-tartibot organlari vakolatiga o’tkazilishini talab qilmoqdamiz. Chunki bu guruhlar tatarlarga nisbatan bosimni kuchaytirgan, bu sizning yeringiz emas, ruslarniki, bu yer Rossiya, siz referendumda qatnashmadingiz, degan turli tahdidlar bilan chiqishmoqda”, - deydi Jalilov.

Qrim Rossiya tarkibiga qo’shib olinishi ortidan prezident Vladimir Putin yarim oroldagi barcha xalqlar, jumladan qrim-tatarlari huquqlari ta’minlanishi, tatar tiliga davlat maqomi berilishi haqida gapirdi.

Avtonom mintaqa Rossiyaga kirishi ortidan qanday yo’l tutish lozimligi haqida Majlis bir qarorga kelmagan. O’z irodasiga qarshi yana Rossiya tarkibida qolgan qrim-tatar jamoatchiligida bu boradagi munozaralar davom etmoqda.

Qrim-tatarlar taqdiri yaqinda o’tishi kutilayotgan qurultoyda obdon muhokama etiladi.

“Albatta, Majlis yangi hukumat bilan munosabat qurish masalasini ham muhokama qildi. Har qanday hukumat bilan aloqa o’rnatishning asosiy sharti qrim-tatarlarni tub millat sifatida tan olishdan boshlanishi kerak. Biz xohlaymizmi, yo’qmi, Qrim bugun Rossiya tarkibida, bu reallik. Biz shuncha yil Ukraina tarkibida yashadik, bu davlatni qo’llab keldik, quvonch-tashvishlarni baham ko’rdik. Ko’plar uchun hozirgi reallikni qabul qilish ruhiy tomondan ham juda og’ir. Shu bois ham Majlis bu borada aniq bir qarorga kelmadi”, - deydi Jalilov.

Rossiya prezidenti bayonotlariga qaramasdan, Qrimdagi vaziyat, Ukraina yaxlitligi tarafdori bo’lgan xalqlar, jumladan qrim-tataralar uchun ham tangligicha qolmoqda.

Yaqinda “Human Rights Watch” tashkiloti qiynoqlar tufayli vafot etgan tatar Reshat Ametov o’limi yuzasidan surishturuv o’tkazishga chaqirdi. Rossiyaga qarshi namoyishlar ishtirokchisi bo’lgan Ametov noma’lum shaxslar tomonidan o’g’irlangan va keyinchalik uning jasadi Simferopol chekkasidan qiynoq alomatlari bilan topilgan edi.

“Human Rights Watch” Qrimdagi zo’rovonliklar ortida harbiylar kiyimidagi mahalliy qo’riqchilar guruhi turganini ham gumonlaydi.

Qrimdagi zo’ravonliklar qochqinlar oqimini ham yuzaga keltirishi mumkin. Ukraina matbuotiga ko’ra, o’z hayotidan xavfsiragan bir guruh qrimliklar boshpana so’rab Polshaga murojaat qilgan. Ular orasida qrim-tatarlar ham bor.

“Qrimliklar orasida shunday kayfiyat bor, ayrimlar Rossiya tarkibida yashashni qabul qila olmaydi. Ammo qrim-tatarlarning ko’pchiligi o’z vatanini tashlab ketish fikridan yiroq. Ular qanchalik qiyinchilik va mashaqqatlar bilan vatanga erishilganini juda yaxshi bilishadi”, - deydi Nariman Jalilov.

Yaqinda o’tgan referendumda qrimliklar Rossiyaga qo’shilish uchun ovoz berishdi. Qrim-tatarlar muxtor respublikadagi hukumatni ham, referendumni ham noqonuniy deb hisoblashadi.

Referendum ortidan Rossiya Qrimni o’z tarkibiga rasman qo’shib oldi. Xalqaro jamoatchilik referendum natijalarini tan olgani yo’q va Rossiyaning Qrimdagi harakatlari bosqin sifatida ta’riflanadi.