Respublikachilardan prezidentlikka nomzod Ted Kruz Amerikadagi musulmonlarni kuzatishni taklif qilmoqda. U Nyu-Yorkda sobiq mer Maykl Blumberg paytida amalga oshirilgan o'xshash tashabbusni misol qildi.
O'sha dastur Nyu-Yorkda 2001-yilning 11-sentabrida sodir etilgan xurujlar ketidan musulmon jamoalari orasida yo'lga qo'yilgan, rasmiylar terrorchilarni topish usullarini izlayotgan edi. Tashabbus keskin e'tiroz, bahslarga sabab bo'lib, oradan biroz vaqt o'tib tugatildi.
Kruzning AQSh huquq-tartibot idoralari musulmon mahallalarni kuzatib, xavfsizlikni ta'minlasin, degan gapi Nyu-York rasmiylari va musulmonlarni g'azablantirdi. Bryusselda joriy hafta ro'y bergan hujumlar ortidan bizdan alamlarini olishmoqchi, aybni bizdan qidirishayapti, deydi ular.
Kruz nazarida Prezident Barak Obama dushmanni dushman deya ta'riflashdan bosh tortib xato qilmoqda.
"Prezident televideniye orqali Amerika ahliga islomdan hayiqmaslik haqida va'z aytaveradi. Yetar. Xavfsizlik xizmati, armiya va politsiyani dushmanga qarshi oyoqqa turg'iza oladigan prezident kerak bizga", - deydi respublikachi nomzod.
Texasdan senator Kruz Oq uyga saylansa, butun kuchini radikal islomiy terrorizmni mag'lub etib, "Islomiy davlat" to'dasini ildizi bilan qo'porib tashlashga sarflashini aytdi.
Nyu-York politsiyasi mulozimi Bill Bratton 2001-yildan beri manzara va sharoit o'zgarganini ta'kidlaydi.
Hamkasb politsiyachi musulmonlar, hayotini xavf ostiga qo'yib kurashayotgan yigit-qizlar haqqi ranjidim bu gaplardan, deydi u.
"900 dan oshiq nihoyatda mohir, jasur politsiyachi qo'limda ishlaydi. Ko'pi ikki mushkul ishda band. Ular armiyaning ham faol vakillari. Senator bundan bexabar bo'lsa kerak", - deydi Bratton.
Nyu-Yorkda musulmonlar yuritadigan savdo rastalari bo'ylab yuramiz. Pokiston, Suriya, afro-amerikalik musulmonlar yashaydigan bir mahalla. Shu atrofdagi masjiddan chiqayotganlarni suhbatga tortamiz.
"Amerikaliklarning hammasi irqchi, oq tanli, immigrantlarga qarshi bir jamoa, deyishdek gap bu", - deydi nyu-jersilik Linsdi. "Yaxshisi aybdorlarni, jinoyatchilarni topishsin".
Nyu-yorklik Jan esa demokrat nomzod Hillari Klinton Kruz va respublikachi boshqa nomzod Donald Trampning bayonotlariga boplab ta'rif berdi, deydi. Ularni yanglish va xatarli, deya rad etdi Klinton.
"Nafratni targ'ib qilishni bas qilaylik. Biz ham shu mamlakatda yashab, soliq to'laymiz, shu yurtga mehrimiz baland. Yashashga qo'ying", - deydi u.
Bu orada, Bryusseldagi hujumlardan keyin mer Bill de Blazio Nyu-York ahlini shaharga tahdid yo'q, xavfsizlik choralarini ko'rib qo'yibmiz, deya tinchlantirdi.
Your browser doesn’t support HTML5
Your browser doesn’t support HTML5