AQSh qonunchilarining ba'zilari Prezident Obamaning Kubani terrorizmni qo'llab-quvvatlovchi davlatlar ro'yxatidan chiqarish rejasini olqishlasa, boshqalar keskin tanqid qilmoqda.
Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka o'z nomzodini e'lon qilgan floridalik senator Marko Rubioning aytishicha, Kuba terrorizm homiysi bo'lib, AQSh adliyasidan qochgan jinoyatchilarni saqlamoqda.
“Kuba Shimoliy Koreyaga BMT sanksiyalarini aylanib o'tib, qurolga egalik qilishda yordam bermoqda. Uni terrorizmni qo'llab-quvvatlovchi davlatlar ro'yxatida qoldirish lozim", - deydi senator.
Nyu-Jersi shtatidan demokrat-senator Bob Menendez ham Obama ma'muriyatini tanqid qilmoqda.
"Kuba nimani istasa, shuni beraversak - xalqaro sahnada ularni tan olish, terror homiylari ro'yxatidan chiqarish, iqtisodiyotiga sarmoya kiritish - evaziga kattaroq narsa olish kerak. Ammo inson huquqlari va demokratiya bobida o'z talabimizni qo'ya olmadik", - deydi qonunchi.
Kubani ro'yxatdan chiqarishga 45 kun ketadi, biroq bu davr ichida Kongress maxsus rezolyutsiya qabul qilib, Obamaning qaroriga to'siq qo'yishi mumkin.
Prezident Obama o'tgan hafta Panamada Amerika davlatlari sammitida ilk bor Kuba rahbari Raul Kastro bilan uchrashib, munosabatlarni iliqlashtirish haqida gaplashdi.