AQSh hukumati kiber-xavfsizlik sohasi uchun grantlar ajratmoqda

  • Amerika Ovozi

Internetga qo’yilgan ma’lumot doim o’g’irlanish ehtimoli bilan yuzlashadi. Xakerlar borgan-sari zakovatliroq bo’lmoqda, kompaniyalar esa onlayn ma’lumotlarini himoya qilishga qodir mutaxassislarga o’tkir ehtiyoj sezmoqda. AQSh hukumati kiber-xavfsizlik bilan shug’ullanuvchi mutaxassislarni ishga yollamoqda.

Bir-biriga raqib rivojlangan davlatlar o’rtasidagi urushlar hozirgi zamonda yolg’iz jang maydonida kechmaydi. Muhim axborotni o’g’irlash uchun kiber-hujumlar uyushtirilmoqda.

“Dushmanlarimiz ochiq jang maydonida bizga teng kelolmasligini yaxshi biladi. Shunga ular boshqa yo’llar bilan hujum qilishga urinmoqda”, - deydi kiber-xavfsizlik bo’yicha talaba Ben Brostoff.

Kiber-xavfsizlik muammolarini yorituvchi bir jurnalga ko’ra, 2021-yilga borib dunyo bo’ylab bu sohaga tegishli 3,5 million ish o’rinlari bo’sh turadi. Kompaniyalar ularni to’ldirishda qiyinchiliklarga uchrashi aytilmoqda.

“Kiber-xavfsizlik juda ham qiyin soha. Bir odamni unga tayyorlash uchun unda ko’p sohalarda texnik tajribasi bo’lishi kerak. Kompyuter, tarmoqlar, uyali tarmoqlar, internetga aloqador narsalar – bu ro’yxat yildan-yilga kattalashib boraveradi”, - deydi AQSh Milliy fan jamg’armasidan Viktor Piotrovskiy.

Kiber-xavfsizlikka aloqador mutaxassisliklarga bo’lgan talabni qondirish uchun AQSh hukumati universitetlarga kirish uchun grantlar ajratmoqda.

“Informatikani yaxshi ko’raman. Bakalavrlikka o’qiyotganimda shu sohaga kirganman. Magistrlik uchun o’qishda kiber-xavfsizlikni tanladim”, - deydi Vashingtondagi Jons Xopkins universiteti talabasi Natali Larsen.

Uning aytishicha, ayollar asosan erkaklar hukmron bu sohaga kirishdan qo’rqmasligi kerak.

“Kiber-xavfsizlik bilan shug’ullanuvchi odamlarni kinolarda ko’rsatishganida doim yerto’lalarda kapyushonli kiyim kiygan erkaklarni ko’ramiz. Shunga ayollar bu mutaxassislikni o’ziga ep ko’rmaydi, deb o’ylayman, chunki ular o’zlarini bu sohada tasavvur qilolmaydi. Ammo ayollar ham bu ishni qilishi mumkin”, - deydi talaba.

AQSh hukumatining kiber-xavfsizlikka o’qishga ajratayotgan grantlarini olish uchun AQSh fuqarosi yoki grin-karta sohibi bo’lish kerak. O’qish yakunida ulardan hukumat idorasida ma’lum muddat ishlab berish so’raladi.