Davos forumi ishtirokchilari tengsizlik va qashshoqlik mavzularini ko'taradimi?

  • Amerika Ovozi

Iqtisodchilarning ogohlantirishicha, siyosiy mavhumlik va savdo bobidagi ziddiyatlar global iqtisodiy taraqqiyotga salbiy ta’sir qilishi mumkin. Inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi faollar esa tobora kuchayib borayotgan iqtisodiy tengsizlik xavfi haqida ogohlantirmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 22-yanvar, 2019-yil

Shveysariyaning Davos shahrida an’anaviy xalqaro iqtisodiy forum ish boshladi. 3000 ga yaqin siyosatchilar va tadbirkorlar global biznes va iqtisodiyotdagi o’zgarishlarni muhokama qilmoqda.

Qashshoqlikka qarshi kurashni targ’ib qiluvchi “Oksfam” tashkiloti imkoniyatdan foydalanib, dunyo rahbarlariga murojaat qildi.

“Dunyoning eng boy, eng qudratli insonlari, siyosiy rahbarlari, nazoratdan chiqib ketgan keskin tengsizlikka qarshi kurashing! Yirik kompaniyalar rahbarlari, siyosiy rahbarlarning o’zi ham shu muammoga yo’l bergan odamlar. Ammo endi muammoga yechim topish kerak, chunki tengsizlik iqtisodiyotlarga zarar, taraqqiyotni sekinlashtirmoqda, demokratiyaga ziyon qilyapti, odamlarni qashshoqlik tuzog’iga tushiryapti”, - deydi guruh vakili Vinni Byanyima.

Jahon iqtisodiy forumi asoschisi Klaus Shvab bunday muammo mavjudligini tan oladi.

“Ijtimoiy sahifalar zamonida odamlarning taraqqiyotdan qolib ketishiga yo’l qo’yib bo’lmaydi. Globalizatsiya jarayoni barchani o’z ichiga olishi kerak”, - deydi u.

Xalqaro valyuta jamg’armasi rahbari Kristin Lagardning aytishicha, dunyo iqtisodiyoti kutilgan sur’atdan sekinroq o’smoqda.

“Barchamiz yuzlashayotgan muammoni hal qilish uchun ikki baravar qattiqroq harakat qilishimiz kerak. Katta Yigirmalik guruhi da’vat etganidek, korrupsiya va soliqdan bo’yin tovlash holatlariga qarshi kurashib, iqlim o’zgarishi bilan bog’liq tahdid bilan jiddiy shug’ullanish zarur”, - deydi u.

Lagard iqtisodiy inqiroz bo’lmasligini aytib, ammo unga ko’z-quloq bo’lib, zaifliklarni tuzatish muhimligini ta’kidlaydi.

Siyosiy rahbarlar kelajakka umid bilan qarayotgan bir paytda yuzlab yirik tadbirkorlar ishtirokida o’tkazilgan ijtimoiy so’rov xavotirlar mavjudligini namoyish etdi.

“Elita o’rtasida bo’linish bu qadar kuchli bo’lmagan hali. Bir qismi dunyo to’g’ri yo’ldan ketyapti desa, ikkinchi yarmi kelajakka tashvish bilan qaramoqda”, - deydi sotsiolog Richard Edelman.

So’rov ishtirokchilari biznes doiralardagi noumidlikka dunyodagi mavhumliklar sabab bo’layotganini aytadi.

“Bir kun qarasak, Britaniya Yevropa Ittifoqidan chiqyapti, boshqa kun jarayon to’xtab qolgan ko’rinadi. Ortiq nima qachon bo’lishini bilmaysan. Yoki, masalan, Xitoy bilan savdo urushi boshlandi deganda ertasiga ikki taraf muzokara qilgani haqida xabar tarqaladi”, - deydi konsultant Bob Morits.

So’rovdan dunyo bo’ylab siyosiy rahbarlarga ishonch pasayganini ham ko’rsa bo’ladi.

Aytish joiz, bu yilgi anjumanda AQSh hukumatidan hech kim bo’lmaydi. Federal hukumat qisman yopiqligi sabab Prezident Tramp forumni qoldirishga qaror qildi. Britaniya va Fransiya rahbarlarining ham Davosga bormasligi xabar qilinmoqda.