AQShda keyingi prezident saylovlariga yana ikki yil borligiga qaramay, demokratlar Trampni mag’lub etishga qodir ehtimoliy nomzodlarni hozirdan chamalamoqda. Ba’zi arboblar saylovda qatnashish rejasi mavjudligini yashirmayapti. Demokratik partiyadan yagona nomzod bo’lish uchun tanlov katta bo’lishi kutilmoqda.
Massachusets shtatidan saylangan demokrat senator Elizabet Uorren prezident saylovlarini odatda boshlab beradigan Nyu-Gempshir va Ayova shtatlariga safar qildi.
“Bugun Amerikada minimal ish haqi ona va bolaga qashshoqlikdan chiqishga imkon bermaydi. Saylovda mana shu masalaga e’tibor qaratish kerak”, - dedi u.
Sobiq uy-joy vaziri Julian Kastro ham saylovchilar kayfiyatini o’rganishga kirishdi.
“Bir bo’lsak, umid qo’rquvdan, yorug’lik qorong’ulikdan, haqiqat yolg’ondan kuchliroq ekanini ko’rsata olamiz”, - dedi u.
Demokratik partiyadan boshqa ayollar ham saylovda qatnashishi mumkin. Bular Nyu-Yorkdan senator Kirsten Jillibrend, Gavayidan kongresmen ayol Tulsi Gabbard, Kaliforniyadan senator Kamala Xarris va Minnesota shtatidan senator Eymi Klobuchar.
Texaslik sobiq kongressmen Beto Orurk, Nyu-Jersidan senator Kori Buker, sobiq vitse-prezident Jo Bayden ham Oq uyni egallash niyatida.
“Amerikani faqat Amerikaning o’zi parchalay oladi. Bu jarayon boshlanganiga guvohmiz va bunga chek qo’yish zarur”, – dedi Bayden.
Tahlilchi Larri Sabatoning aytishicha, hech bir ehtimoliy nomzodda yaqqol ustunlik yo’q.
“Hatto sobiq vitse-prezidentni ham peshqadam deb bo’lmaydi. So’rovlarda unga hozircha saylovchilarning 30-40 foizi ovoz berishga tayyor ekani ma’lum. Ammo 2016-yil saylovlarida demokratlardan nomzod bo’lgan Xillari Klintonda hozirgi pallada uni qo’llab-quvvatlovchilar bundan ko’proq bo’lgan”, - deydi Sabato.
Tahlilchi Jim Kesslerning aytishicha, demokratlardan prezidentlikka da’vogarlar ko’p bo’ladi, demak, ichki kurash uzoq vaqt oladi.
“Poyga murosasiz kechadi, yaqqol peshqadam bo’lmaydi. 2000-yilda Al Gor yoki 2016-yilda Xillari Klinton kabi yagona nomzod kim bo’lishini oldindan aytish qiyin bo’ladi”, - deydi u.
Prezident Trampning umumiy reytingi pastlashda davom etsa-da, respublikachilar orasida obro’si baland. Biroq Ogayo shtati sobiq gubernatori Jon Keysik uni maydonga da’vat etishi mumkin.
“Saylansam, mamlakatni birlashtirishga harakat qilaman”, - deydi siyosatchi.
Tramp saylov bahonasida tarafdorlari saflarini kengaytirmoqchi. Bunday sharoitda birorta respublikachi da’vogarning unga bas kelishi, jiddiy qarshilik ko’rsatishi amri mahol.