Demokratlar partiyasi qurultoyida ilk bor ayol kishi prezidentlik uchun nomzod

  • Amerika Ovozi

25-iyul kuni Pensilvaniya shtatining Filadelfiya shahrida Demokratlar partiyasi qurultoyi boshlandi. U 28-iyulgacha davom etadi. Anjumanda Hillari Klinton prezidentlik uchun rasman demokratlar nomzodi etib e'lon qilinadi. AQSh va partiya tarixida ilk bor ayol kishi prezidentlik uchun asosiy nomzod bo'lmoqda. Klinton virjiniyalik senator Tim Keynni vitse-prezidentlik uchun o'ziga sherik qilib oldi.

Hillari Klinton va respublikachilar nomzodi Donald tramp o'rtasida keskin kurash boshlanishi kutilyapti.

"Biz mamlakatimiz uchun butunlay boshqacha kelajakni taklif qilamiz. Biz devor emas, ko'priklar quramiz. Davlatimizni buyuk qiladigan rang-baranglikni qabul qilamiz", - deydi Klinton.

Donald Tramp respublikachilar qurultoyidagi chiqishida immigratsiyaga hamda AQSh yuzlashib turgan ichki va tashqi tahdidlarga e'tibor qaratdi. Kintonning vitse-prezidentlik uchun sherifi Tim Keyn mamlakatning ispanzabon aholisi qo'llab-quvvatlovini olishga urinmoqda. U ilgari ispanzabonlar bilan ishlagan va ular tilida bemalol gaplashadi.

"Hammangiz xush kelibsiz. Mamlakatimizda hammani yaxshi qabul qilamiz, shunday emasmi? Chunki barchamiz amerikaliklarmiz", - deydi u.

Tramp bunga javoban "Twitter" orqali Keynning xalqaro savdo kelishuvlarini yoqlaganiga e'tibor qaratdi. Respublikachi nomzod bunday bitimlarga keskin qarshiligi bilan taniqli. Unga ko'ra, savdo kelishuvlari AQShda ish o'rinlarining boy berilishiga sabab bo'ladi.

Partiya ichki saylovlarida Klintonning asosiy raqibi bo'lgan senator Berni Sanders ham demokratlar qurultoyida chiqish qiladi.

"Hillari Klinton va men bir necha masalalarda kelisha olmasligimiz sir emas. Kampaniyalar aslida shu haqda bo'ladi. Demokratiya bu", - deydi u.

So'rovlarning ko'rsatishicha, Sanders tarafdorlari Klintonni uncha xushlamaydi.

Sanders avvalroq Demokratlar milliy qo'mitasi raisi Debbi Vossermenni vazifasini topshirishni so'ragan edi. Chunki fosh bo'lgan elektron maktublarning ko'rsatishicha, partiya rasmiylari ichki saylovlar davrida Klintonning yonini olgan.

Bu mashmasha ortidan Vossermen iste'foga chiqdi.

Klinton bayonot chiqarib, Vossermenga shu paytgacha qilgan ishlari uchun minnatdorlik bildirdi.

Ommaviy so'rovlarda Klinton Trampdan oldinda bormoqda. Shtatlarda ham uning qo'li ustun.

Ammo saylov kuni kim g'alaba qozonishini ommaviy so'rovlarda aniq taxmin qilish qiyin.

Aholisi soni bo'yicha, har bir shtat ma'lum sonda elektorat ovozga ega bo'ladi. Nomzodlar ana shu ovozlarni yutish uchun bellashadi. Demak, bir nomzod ko'pchilik fuqarolar ovozini olib turib ham, agar elektorat vakillarining ko'pchiligini yuta olmasa, saylovda mag'lub bo'lishi mumkin. 2000-yilgi saylovda Jorj Bush xuddi shunday yo'l bilan g'olib chiqqan edi. Ya'ni, jami fuqarolar ovozini yutish bo'yicha raqibidan ortda qolgan, lekin ko'proq elektorat vakillarini jamlagan.

Jami 538 ta elektorat vakili bor. Prezident bo'lish uchun ularning kamida 270 tasini qo'lga kiritish kerak.