AQShda prezidentlikka o’z nomzodini qo’ygan demokrat siyosatchilar bugun Atlanta shahrida beshinchi bor teledebatda qatnashadi. Demokratik partiyadan 10 nomzod keyingi yili bo’ladigan asosiy saylovda qatnashish va respublikachi prezident Donald Tramp bilan bellashish huquqini beruvchi yagona chipta uchun kurash olib boryapti.
Har bir teledebat saylovchilar mehrini qozonish uchun yaxshi imkoniyatdir. Debatga kim qanday tayyorgarlik ko’rishi va unda qanday ishtirok etishiga qarab, nomzodlar reytingi foyda yoki zarar ko’rishi mumkin.
Peshqadamlar hozircha sobiq vitse-prezident Jo Bayden va Massachusets shtatida senator Elizabet Uorren. Biroq so’nggi ommaviy so’rov natijalariga ko’ra, Pit Buttijej Ayova shtatida reytingda birinchi o’ringa ko’tarilgan. Fevral oyida Demokratik partiya ichidagi saylov aynan Ayovadan boshlanadi.
“Gaplarimni qancha ko’p odam eshitsa, tarafdorlarim ham shunchaga ko’payadi”, - deydi Indiana shtatidagi Saut-Bend shaharchasining meri.
Biroq umummamlakat reyting boshida Bayden turibdi. Trampni faqat men mag’lub eta olaman, deydi u.
“Demokratik partiyadan kim yagona nomzod bo’lishidan qat’i nazar, saylov g’olibiga ikkita narsa meros bo’ladi: bo’lingan mamlakat va inqirozga uchragan dunyo”, - deydi Bayden.
Saylov kampaniyasida yaxshi natija ko’rsatayotgan Elizabet Uorren so’nggi paytda o’zi taklif etayotgan umummamlakat tibbiy sug’urta dasturi bo’yicha yog’ilayotgan tanqidlarga javob berish bilan ovora.
O’tgan hafta demokratlar poygasiga qo’shilgan Massachusets shtati sobiq gubernatori Deval Patrik debatda qatnashmaydi. Nyu-York sobiq meri va milliarder Maykl Blumberg esa nomzodini e’lon qilishi kutilmoqda.
Virjiniya universitetidan siyosatshunos Larri Sabatoning aytishicha, har bir nomzodning o’ziga yarasha kamchiligi bor.
“Kimdir o’ta yosh, kimdir o’ta qari. Kimdadir haddan oshiq tajriba bor, yana kimdadir tajriba yetishmaydi. Kimdir o’ta so’l qarashlarga ega, kimdir esa qarama-qarshi tomonga qattiq og’gan”, - deydi u.
Bugungi debatda, shuningdek, Kaliforniyadan senator Kamala Xarris, tadbirkor Endryu Yang, New-Jersidan saylangan senator Kori Buker, Minnesotadan senator Eymi Klobuchar, milliarder sarmoyachi Tom Steyer va Gavayidan kongressmen ayol Tulsi Gabbard qatnashadi