Demokratlar bahsi: nomzodlar qaysi mavzularga e'tibor qaratdi?

  • Amerika Ovozi

Prezidentlik uchun demokrat nomzodlar, Atlanta, Jorjiya, 2019-yil, 20-noyabr

20-noyabr kuni prezidentlik uchun demokrat nomzodlar o'rtasida kechgan navbatdagi bahsda Prezident Donald Tramp ustidan ketayotgan impichment jarayoni asosiy mavzu bo'ldi.

Senator Berni Sanders Trampni zamonaviy AQSh tarixidagi eng buzuq prezident deb atadi, ammo saylovda g'olib chiqish uchun uning shaxsiga ko'p e'tibor qaratmaslik haqida gapirdi. Ko'proq tibbiy sug'urta yoki uy-joyga ega bo'lmaganlar yuzlashatyotgan iqtisodiy muammolar, iqlim o'zgarishi solayotgan tahdid kabi masalalarga diqqat qilish lozim, dedi Sanders.

Jo Bayden va Berni Sanders

Yana bir nomzod, senator Elizabet Uorren Rossiyaning 2016-yilgi saylovga aralashuvini tekshirgan tergovchi Robert Myuller hisobotini tilga olib, Tramp o'sha paytdayoq adolatning yo'liga to'siq bo'lgan edi, dedi. Uning aytishicha, o'sha paytda Kongressning masala yuzasidan jiddiy qaror olmagani Trampni shijoatlantirdi.

Sobiq vitse-prezident Jo Bayden, agar saylansa, Tramp qilmishlarida jinoiy elementlar borligini aniqlash ishi bilan Adliya vazirligi mustaqil shug'ullanishini va bu jarayonga aralashmasligini aytdi. U, shuningdek, mamlakatni bo'lish emas, birlashtirish zarurligiga urg'u berdi.

Nomzodlar Tramp tashqi siyosatini an'anaviy ittifoqchilar ko'nglini qoldiruvchi xato yo'l deya qoraladi.

Baydenning aytishicha, u Oq uyga kelgandan so'ng Trampdan oldin mavjud bo'lgan barcha kelishuvlarni, jumladan, Parij iqlim bitimini qayta tiklaydi.

"Iqlim o'zgarishi hayot uchun birinchi raqamli tahdid", - dedi u.

Kamala Harris va Endryu Yang

Senator Kamala Harris Trampning Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Un bilan uchrashuvini qoralab, bu uchrashuvdan AQSh hech narsa yutmaganini, aksincha, u Pxenyanning obro'sini ko'tarib berganini aytdi.

Prezidentlik uchun yana bir da'vogar, Indiana shtatining Sauz-Bend shahri meri Pit Butejej partiyadosh raqibi Tulsi Gabbardni 2017-yil Suriyaga borib Prezident Bashar Assad bilan uchrashgani uchun keskin tanqid qildi. Bunga javoban Gabbard Butejejni AQSh dushmanlari bilan gaplashish va murosa qilish jasoratiga ega emaslikda aybladi.

Ishbilarmon Endryu Yang Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan bo'ladigan ilk telefon muloqotida nima deysiz, degan savolga, AQSh siyosatiga aralashish kunlari tugadi; bundan buyon har qanday aralashish "bosqinchilik ishi" sifatida ko'rilishini aytaman, deb javob berdi.

Ishtirokchilar iqtisodiyot bo'yicha ham o'z takliflarini olg'a surdi. Senator Eymi Klobushar moliyaviy hisobdorlik mas'uliyatini oshirish va "hamyon ko'taradigan" loyihalar ustida ishlash haqida gapirdi. U Uorren taklif qilayotgan ijtimoiy dasturlar rejasini juda qimmat va davlatni qarzga botiradigan dastur deya qoraladi.

Eymi Klobushar va Pit Butejej

Demokrat nomzodlarning navbatdagi bahsi 19-dekabr kuni Los-Anjeles shahrida bo'ladi.

Unda ishtirok etish talablari kuchaytiriladi. Bahsda qatnashish uchun nomzod mamlakat bo'ylab so'rovlarda kamida 4 foiz, shtatlarda esa kamida 6 foiz olishi, shuningdek, kamida 200 ming tarafdoridan ehson yig'gan bo'lishi kerak.