Michigan shtatida musulmonlar tebratayotgan shaharcha

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

AQShning Michigan shtati, Hemtremik shaharchasi bir asrdan buyon katolik polyak muhojirlari makoni bo'lib kelgan. Avtosanoat rivojlangan davrda shaharcha gurkiradi. Ayni paytda uning etnik tarkibi ham o'zgardi. Yaqinda shahar kengashiga musulmonlarning saylanishi ancha ovoza bo'ldi.

Saad Almasmari 3-noyabr kuni Hemtremik shahar kengashiga o'tgan saylovda eng ko'p ovoz olgan nomzod.

"O'z shahrimga, jamoatchilikka yordam berishni sevadigan odamman", - deydi u.

Yamanda tug'ilgan Almasmari Michiganning eng ko'p muhojir yashovchi shahrida kechgan saylovda o'z nomzodini qo'ygan uch musulmondan biri. Ularning barchasi ko'pchilik ovozlarni qo'lga kiritdi.

"Bu shaharning boshqalaridan ajralib turadigan jihati shundaki, shahar kengashining aksariyati musulmonlar".

Osama Siblani "Arab-Amerika yangiliklari" nashrining noshiri. Al-Masmarining gazeta bosh sahifasidan o'rin olgan g'alabasi tez orada boshqa nashrlarga ham ko'chdi.

"Prezidentlik uchun nomzodlar musulmonlarni bu yerga kelishdan to'xtatishga urinayotgan paytda musulmonlar Detroyt atrofida ko'pchilikka aylanmoqda. Shuning uchun bu ovoza bo'ldi", - deydi Siblani.

Donald Trampning musulmonlarni AQShga kiritmaslik taklifi Hemtremikda ko'pchilikni g'azablantirdi.

"Yamanliklar Hemtremik aholisining 27 foizini tashkil qiladi. Bengalilar 22, bosniyaliklar 11 foiz. Hammasi musulmon. Aholining 65 foizi biz musulmonlarmiz", - deydi Almasmari.

Hemtremik muhojirlik olib kelgan demografik o'zgarishlar uchun yaxshi misol. Asosan polyak katoliklari yashagan shahar endi kichik biznes bilan shug'ullanuvchi musulmonlar qo'liga o'tgan.

"Shahrimizning etnik rang-barangligiga, yangi muhojirlar olib keladigan o'zgarishlarga ko'nikkanmiz. Qiyofamiz shu, qiladigan ishimiz shu. Mahalliy va xalqaro darajada buncha e'tibor bo'lishi bizni ajablantirdi", - deydi shahar meri Karen Mayevski.

Ammo e'tibor tez orada so'ndi. Yanvar oyida shahar kengashi o'tkazgan birinchi yig'inda "Amerika Ovozi"dan tashqari yana bitta ommaviy axborot vositasi qatnashdi, xolos.

"Kengash a'zosi sifatida dinimni ishimga aralashtirmayman. Kengashda musulmonlikdan oldin amerikalikman", - deydi Almasmari.

Almasmarining aytishicha, hozirgacha intervyu uchun 75 ta iltimos tushgan.

"Gazetalardan biri Tramp bilan uchrasha olasanmi, deb so'radi. Oradan uch kun o'tib, Tramp bilan uchrashish uchun 15-20 minut vaqt ajrata olasanmi, deb yana so'rashdi", - deydi u.

Agar Tramp bilan uchrashsam, e'tiqodim haqida so'z ochmayman, deydi Almasmari. Aksincha, moliyaviy muammolarga yuz tutgan Hemtremikka qanday yordam bera olishini so'rayman, deydi u. Hemtremik Michiganning qashshoqlik eng yuqori shaharlaridan biri sanaladi.