Shimoliy va Janubiy Koreyani bir-biridan ajratib turuvchi demilitarizatsiyalangan zonada ikki davlat askarlari o’q almashgan.
Seullik rasmiylar shimol taraf birinchi bo’lib bir necha o’q otganini, janublik harbiylar ikki marta javob berganini aytadi. Qurbonlar yo’q.
Janubiy Koreya axborot agentligi voqea saharda, atrofni tuman bosgan bir paytda ro’y bergani uchun shimollik askarlar bu ishni ataylab qilmaganini taxmin qilmoqda.
Bundan tashqari, qarshi taraf harbiylari egallab turgan pozitsiya taktik jihatdan hujum qilish uchun qulay emasligi ham aytilmoqda.
250 kilometrlik demilitarizatsiyalangan hudud minalar, to’siqlar, harbiy postlar bilan himoyalangan.
AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo ham chegaradagi otishma ataylab bo’lmaganini aytadi.
Pompeo Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Unning sog’lig’i bilan bog’liq mish-mishlarni izohlashdan o’zini tiydi. Ayrim kuzatuvchilarga ko’ra, jamoatchilikka uch hafta ko’rinmagan Kim og’ir kasal, biroq Janubiy Koreya rasmiylari Kim yurakka operatsiya qilinganini inkor etmoqda.