Tibbiyot tanaga, musiqa qalbga malham

  • Amerika Ovozi

Xonanda shifokor Elvis Fransua

Minnesota shtatining “Mayo” klinikasidagi rezidenturada ishlovchi ortoped jarroh Elvis Fransua tibbiyotdan tashqari qo’shiqchilik bilan shug’ullanadi.

“Klinikamizning turli binolarida pianinolar turibdi. Ba’zan o’tirib, musiqa chalamiz. Bemorlarimiz kelib, tinglashadi. Ammo koronavirusni deb bemorlarni hozir ko’rmaysiz”, - deydi shifokor.

Fransua besh yillik rezidenturani yakunlamoqda. U ijtimoiy sahifalarda faol, videolar yuklab turadi.

Jon Lennonning “Imagine” yoki “Tasavvur qil” qo’shig’ini aytib tushgan videosi ko’plarga manzur bo’ldi.

“Butun dunyo ayni muammoga tuz tutib turibdi. Zamonam tarixida boshqa bunday holatni eslay olmayman. Global pandemiyagacha dunyo mamlakatlarga, siyosatlarga, irqlarga va yana ko’plab boshqa narsalarga bo’lingan edi, ammo hozir kimdir tanaffus tugmachasini bosib qo’yganday. Bu hammamiz bir xalq ekanimizni tushunish uchun bir imkoniyat, eslatmadir. Hammamiz bir kemada”, - deydi Fransua.

“Mayo” klinikasida AQShning boshqa joylariga o’xshab koronavirus bemorlari ko’p bo’lmasa-da, shifokor klinika epidemiyaga tayyor ekanini aytadi.

“Jarrohlik, dori-darmonning ham o’z chegarasi bor. Tibbiyot ojiz paytlarda musiqa ish berishi mumkin”, - deydi Elvis Fransua.

Tibbiyot tanaga malham bo’lsa, musiqa qalb tabibidir.

“Men ham musiqa, ham tibbiyot orqali odamlarga yordam bera olish sharafiga muyassarman”, - deydi rezident xirurg.

Fransuaning aytishicha, uning ijtimoiy sahifadagi ijodini kuzatayotgan turli mamlakatlar shifokorlari va hamshiralari unga maktublar yozib, umid ulashayotgani, charchoqlarini chiqarayotgani uchun minnatdorchilik bildirmoqda.