Afg’oniston tarixi, san’ati va arxeologiyasi bo’yicha amerikalik taniqli ekspert Nensi Hetch Dupri 90 yoshida olamdan o’tdi. U so’nggi kunlarini Kobuldagi kasalxonada o’tkazgan.
Dupri 1962-yil bu o’lkaga ilk bor diplomatning rafiqasi sifatida kelgan. Shundan beri butun umrini Afg’oniston madaniy tarixini asrab-avaylashga sarfladi.
Dupri 2013-yil Kobul universitetida Afg’oniston markaziga asos solgan edi. Bu markaz mamlakat tarixi, madaniyati va jamiyatini o’rganishga bag’ishlangan ilk ilmiy muassasa hisoblanadi.
1990-yillardagi fuqarolar urushi va Tolibonning hukumatga kelishi ham Duprini muntazam Kobulga tashrif buyurishdan to’sa olmadi.
Olima Afg’oniston haqida 5 ta qo’llanma va yuzlab maqolalar yozgan. Butun Afg’onistonni kezib chiqqan. Hatto sovetlar davrida mamlakatdan chiqarib yuborilgan.
Dupri turmush o’rtog’i bilan Afg’oniston tarixiga oid minglab hujjatlar to’plagan. Ular Afg’oniston markaziga topshirilgan.