Amerikaning yirik shtatlaridan biri - Kaliforniya seysmoaktiv hududda joylashgan. Kichik zilzilalar bu yerda tez-tez qayd etiladi, ammo kattasiga ham tayyor turish kerak. Yer silkinishi haqida aholini ogohlantiruvchi tizim yaqinda ishga tushdi.
Zilziladan ogohlantiruvchi tizimlar odamlar hayotini saqlab qoladi.
“Silkinish boshlanganida dastlabki to’lqin halokatli bo’lmaydi. Sensorlar mana shu to’lqinni ilg’ab, odamlarga ogohlantirish yuboradi”, - deydi Los-Anjeles shahar meri muovini Jeff Gorel.
Meksika poytaxtida bunday sistema allaqachon bor. Aholiga zilzila haqida bir necha sekund oldin xabar beriladi.
Ogohlantirish doim ham yordam bermaydi. Masalan, 2017-yilning sentabrida Mexikoda yuzlab odam halok bo’lgan. Zilzila markazi shaharga juda yaqin bo’lgan.
Kaliforniyada “Shake Alert” degan mobil ilovani Los-Anjeles hokimiyati yanvar oyida ishga tushirdi. Agar zilzila markazi aholi punktlaridan uzoqroqda bo’lsa, ogohlantirish yordam beradi.
“Agar zilzila boshlangani aniqlansa va uning to’lqinlari biror hudud tomon yo’nalayotgan bo’lsa, tayyor turing, siz tomon kelayapti deb u yerga tezda xabar yuborsa bo’ladi”, - deydi seysmolog olim Tomas Hiton.
Kaliforniya seysmik aktiv hududda joylashgan. Shtatning San-Andreas rayoni - tektonik plitalar to’qnashadigan joylardan biri. 1906-yildagi zilzila Los-Anjelesni yer bilan yakson qilgan, minglab odam o’lgan. 1989-yilda esa Oukland shahri va uning atrofida yer qimirlashidan 60 kishi halok bo’lgan.
Zilzila sodir bo’lishi haqida hatto bir necha soniya oldin xabar berilsa, odamlar ko’p hollarda o’zini panalab ulguradi, deydi rasmiylar.
“Informatsiya odamlar uchun qisqa va aniq bo’lishi, sarosima uyg’otmasligi kerak”, - deydi mer muovini Jeff Gorel.
Ogohlantirish tizimi Yaponiyada ham bor. Yer silkinishi kuchayib boradimi, yo’qmi, bu haqda aholiga tezda informatsiya uzatadi.
“Atrofda hamma narsa qimirlay boshlasa, katta to’lqin kelayaptimi, yo’qmi, buni hech kim bilmaydi. Odatda yer sal tebranib, o’tib ketadi. Lekin yangi tizim bilan kuchli to’lqin kelayotganini bilasiz”, - deydi olim Tomas Hiton.
“Shake Alert” sistemasi beradigan ma’lumot asosida qutqaruv guruhlarini qaysi hududga yuborishni belgilash ham oson.