Sharqiy Quddusda yashovchi yuzlab falastinliklar yaqinda uylaridan haydalishi yoki uylari buzilishi, ularning uylarini yahudiylar egallashi mumkin. Har ikki taraf uyni qonuniy sotib olganini da’vo qiladi.
Your browser doesn’t support HTML5
Sharqiy Quddusning Bo’ston mahallasida 62 yildan beri bir uyda yashagan Faxri Abu Diab yil boshida uyidan ayrildi. Isroil ma’murlari uy ruxsatsiz kengaytirilgan deya uni buzib tashladi.
“Farzandlarim va nabiralarim endi ijraga turishga majbur. Uyga qo’shimcha bir xona, mehmonxona va kichik hojatxona qo’shgandim. Uy buzildi. Qayerga boraman endi? Uysizman”, - deydi u.
Diab qurilish uchun ruxsat olishga bir necha bor ariza berganini, lekin har safar rad javobini olganini aytadi. Unga ko’ra, Isroil mahallada yana 100 ga yaqin uyni buzmoqchi, 10 tasi yer bilan tekislangan.
Isroil hukumati bu yerda arxeologik bog’ qurmoqchi ekanini ma’lum qiladi.
Batn al-Xavo mahallasida vaziyat bundan-da murakkab.
19-asr oxirida bu yerga yamanlik yahudiylar ko’chib borgan, ammo 1930-yillarda arablar isyonidan so’ng ketishga majbur bo’lgan.
Isroil qonuniga ko’ra, mulk ilgari yahudiylarga tegishli bo’lgan bo’lsa, uni falastinliklar sotib olgan taqdirda ham egalik huquqi yahudiylarga qaytarilishi mumkin.
Mahallada yashovchi 87 ta falastinlik xonadonga uyni tark etish buyurilgan. Jumladan Zuhayr Rajabiyga. Unga ko’ra, mulkka bir paytlar yamanlik yahudiylarga qarashli xayriya trasti egalik qilgan.
“Biz uylarni sotib olganmiz, o’g’irlaganimiz yo’q, hujjatlarimiz bor. Bu yerda yashovchi har bir oilada uyni sotib olganlik haqida hujjat bor. Otam uyni 1966-yilda sotib olgan, ya’ni bu yerda 1966-yildan beri yashayapmiz. 2015-yilda men va akamga ko’chish buyrug’i kelganida xayron bo’ldik”, - deydi u.
Rajabiyning aytishicha, mahallaga ko’chib kelgan 40 tacha yahudiy oila arab qo’shnilariga kun bermaydi. Ularning o’zini davlat hisobidan yollangan qo’riqchilar himoya qiladi.
Yahudiylarning ko’chishiga yordam beruvchi “Ateret kohanim” tashkiloti zo’ravonliklarda falastinliklarni ayblaydi, yahudiylarga, mashinalari va uylariga tosh va “Molotov” kokteyllari otishlarini bildiradi.
Tashkilot vakillari yahudiylar ajdodlari yerlariga qaytib kelayotganini aytadi.
“Yahudiy qirollar va payg’ambarlar, tariximiz va merosimiz shu yerda ildiz otgan. Bu Yerushalayim, Quddus, yahudiy dunyosining markazi”, - deydi guruh rahbari Daniel Luriya.
Isroillik inson huquqlari faollari Sharqiy Quddus aholisining taxminan 40 foizini tashkil etuvchi falastinliklarni Isroil hukumatining uydan chiqish va uyni buzish qarorlaridan himoya qilishga harakat qilmoqda. Ularga ko’ra, G’azoda so’nggi bir yildan beri davom etayotgan voqealar fonida sharqiy qudduslik falastinliklarga qarshi harakatlar kuchaygan.
“Isroil hukumati qarorlariga to’siq qo’yishga harakat qilyapmiz, biroq hokimiyat bizning qo’limizda emas”, - deydi “Ir Amim” tashkiloti faoli Aviv Tatarskiy.
G’azo, Livan, Yaman va Eron frontlarida arab-Isroil mojarosi bir yildan beri davom etayotganiga qaramay, Sharqiy Quddusda vaziyat nisbatan tinch edi, biroq falastinlik aholi uylarini buzish yoki ularni uydan haydash haqidagi qarorlarning ko’payayotgani shaharda ziddiyatlarning kuchayishiga olib kelishi mumkin.