Ukrainaning sharqiy viloyatlari Rossiyaga qo'shilishni istaydi

  • Amerika Ovozi

Donetsk shahrida Rossiyaga xayrixoh namoyish, Ukraina, 15-mart, 2014-yil

Vladimir Putinning aytishicha, Rossiya Ukrainani bo’lib tashlashni istamaydi. Biroq Ukraina sharqidagi rus aholisi qo’shni davlatga qo’shilishni xohlaydi. Shu hafta Qrim va Sevastopol shahri Ukrainadan ajralib, rasman Rossiya Federatsiyasi tarkibiga kirdi.

“Amerika Ovozi” muxbiri Jeymi Dettmer Ukraina sharqida, Donetskda bo’lib, mahalliy aholi kayfiyatini o’rgandi.

Donetsk shahridagi Lenin maydonida deyarli har kuni namoyish. Mahalliy aholi Kiyevdagi yangi hukumatga bo’ysunishni istamaydi. Ular Qrim kabi viloyatning Rossiyaga qo’shilishini xohlaydi.

70 yashar Denis osmli otaxonning aytishicha, iqtisodni yuritish yangi hukumatning qo’lidan kelmayapti.

"Sharqdagilarning boy siyosatchilar qo’l ostida yashagisi yo’q", - deydi u.

Vera ismli onaxon 62 yoshda. Donetsk Ukraina tarkibida qolsin, deydi u, ammo kiyevlik siyosatchilar taqdirimizga befarq qarayotgani uchun Putindan yordam so’rashga majburmiz.

"Kiyevdagilar faqat o’zini o’ylayapti", - deydi u.

Donetsk ko’mir sanoati rivojlangan Donbass mintaqasining yuragi va Ukrainaning yetakchi sanoatlashgan shaharlaridan. Lenin maydonidagi faollar hukumatdan hibsga olingan liderini ozod etishni talab qilmoqda.

Kiyevdagi muvaqqat hukumat asosan ruslar yashovchi sharqiy hududlardagi namoyishlardan xavotirda. Dam olish kunlari besh ming odam Donetsk markazida to’planib, davlat idoralarini ishg’ol qildi. Bir necha kun burun esa mahalliy faollar hukumatning g’arbiy viloyatlardan kelgan tarafdorlari bilan to’qnashib, ularni shahardan haydadi.

Kiyevlik siyosatchilarning da’vo qilishicha, Rossiya namoyishlarni qo’zg’atish maqsadida Ukrainaga provokatorlarni yuborgan. AQSh davlat kotibi Jon Kerri ham shunday fikrda. Moskva bu da’volarni inkor etmoqda, ammo ukrainalik ruslarni himoya qilish uchun qo’shin yuborishga tayyor.

Rossiyaga xayrixoh faollar “Amerika Ovozi” muxbiriga Ukraina pasportini ko’rsatib, ular ham bu da’volarning asossiz ekanini isbotlashga harakat qildi.

Kiyevdagi namoyishlar oqibatida fevral oyida mamlakatni tark etgan prezident Viktor Yanukovich o’rniga kelgan yangi rahbarlar rus aholi noroziligini yumshatish uchun islohotlar taklif qilmoqda.

Ular markaziy hokimiyat vakolatini tushirib, regionlarnikini oshirmoqchi. Moliya masalasida ham viloyat, shahar va tumanlarda ko’proq imkoniyatlar bo’ladi, deydi muvaqqat hukumat.

Rus aholi tili va madaniyati cheklanishidan, kamsitilishidan xavotirda. Qonunchilar avvaliga sharqiy viloyatlarda rus tiliga regional maqom beruvchi qonunni bekor qilmoqchi bo’ldi, ammo vaqtincha prezident lavozimini bajarayotgan parlament spikeri qarorni imzolamadi. Shunga qaramay, rus millatiga mansub aholiga ko’ra, parlament loyihasi Kiyevning ularga nisbatan asl munosabatini ko’rsatmoqda.

Artyom ismli 36 yoshli tadbirkorning aytishicha, islohotlarga endi kech bo’ldi.

"Donetsk Rossiya Federatsiyasiga qo’shilishi kerak, eng yaxshi yo’li shu", - deydi u.

Prezident Putin Ukrainani bo’lish rejasi yo’qligini aytgani bilan ukrainaliklar Putin sharqiy hududlarni ham olib qo’yishga hozirlanyapti, deya xavotir bildirmoqda.