AQSh va G’arb tanqidlariga qaramay, Suriya Prezidenti Bashar Assad Damashq teveragidagi sharqiy G‘uta rayonida isyonchilarga qarshi harbiy harakatlar davom etishini bildirdi. Ba’zi hisoblarga ko’ra, so’nggi ikki haftada hududda 600 dan ziyod odam o’lgan. Sharqiy G’uta qamalda ekan, Assad uni isyonchilardan tozalashga urinmoqda.
“Agar sharqiy G’uta aholisi terrorchilar nazoratidan qutulmoqchi bo’lsa, sulhni olqishlaymiz”, - dedi Assad.
Hukumat isyonchilarni terrorchilar deb biladi. Aholi havo hujumlaridan saqlanish uchun yerosti tunellari va yerto’lalarga kirmoqda.
BMT Xavfsizlik Kengashida 30 kunlik umummamlakat sulhga chaqiruvchi rezolyutsiya qabul qilinganiga qaramay, Suriya hukumati isyonchilarga qarshi hujumlarni davom ettirdi.
“Sulh ish bermayapti. Rossiya BMTning o’zi qo’llagan qarorlariga bo’ysunishi kerak”, - dedi AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Xezer Noyert.
AQSh Prezidenti Donald Tramp Britaniya Bosh vazirasi Tereza Mey bilan vaziyatni telefon orqali muhokama qilib, sharqiy G’utadagi zo’ravonliklar va ayanchli ahvol uchun Rossiya va Suriya hukumatlarini mas’ul tutdi.