Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti xulosasiga ko’ra, G’arbiy Afrikada 20 ming kishi Ebola virusi bilan kasallanishi xavfi mavjud.
Shu kungacha 1550 odamning yostig’ini quritgan bu epidemiyaga qarshi kurashga qariyb 500 million dollar ajratilmoqda.
Virusni yuqtirgan deb rasman ro’yxatga olinganlar soni hozirda 3 mingdan oshiq, lekin BMT mutaxassislariga ko’ra bu raqam aslida 3-4 baravar yuqori bo’lishi mumkin.
Infeksiya asosan Liberiya, Sierra-Leone va Gvineyada tarqalgan bo’lib, Nigeriya va Kongo Demokratik Respublikasida ham aniqlangan.
USAID, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi, Afrika g’arbida Ebola virusiga qarshi kurashga qo’shimcha 5 million dollar ajratishini e’lon qildi. Mablag’ tibbiy asbob-uskuna, mahalliy hamshiralarni tayyorlash va aholini ogoh qilish kampaniyasi uchun sarflanadi. USAID epidemiyani to’xtatish uchun jami 20 million dollar va’da qilgan.
Ebolaga qarshi eksperimental vaksina sinov uchun tayyor ekani haqida xabarlar kelmoqda. Britaniyada joylashgan “GlaxoSmithKline” farmasevtika kompaniyasi bergan ma’lumotga qaraganda, kelasi oy vaksina AQSh va Britaniyada ko’ngillilarda sinab ko’riladi.
Dorini ishlab chiqish qo’shma loyiha bo’lib, unda har ikki davlatdan mutaxassislar ishtirok etgan.
Sinovlar muvaffaqiyatli o’tsa, 10 ming vaksina tezda tayyorlanib, G’arbiy Afrikaga jo’natilishi rejalangan.