Temir yo'l sanoati AQSh iqtisodiyotini tebratuvchi kuchlardan biri

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Mart oyida Amerikada 98 ming ish o’rni ochilgan. Fevral oyida bu raqam 235 ming edi. Bir qarashda vaziyat salbiylashgandek, lekin ayrim sohalarda imkoniyatlar har qachongidan ham kengaygan, masalan, temir yo’l orqali yuk tashishda.

AQSh va Xitoy - dunyoning ikki eng kuchli iqtisodiy tizimlari. Temir yo’l sanoati kun sayin o’zgarib borar ekan, soha vakillari har qanday yangilikka umid bilan qaraydi.

Mamlakat bo’ylab yangi yo’llar barpo etilmoqda, deydi Amerika Temir yo’llari uyushmasi prezidenti Ed Hamberger. Yaqin o’tmishda yo’nalishlar 230 ming kilometrga cho’zildi. Bu sanoat takomillashib bormoqda.

“Bizni eski sanoat deb hisoblashadi, xuddi temir yo’llar kechagi kunning transportidek. Biroq biz Amerikada yuklarning 40 foizini manzilga yetkazamiz”, - deydi Hamberger.

Temiryo'l rasmiysiga ko'ra, mahalliy temir yo’llar xalqaro savdoning ajralmas qismidir. Sanoat oladigan yillik daromadning 35 foizi aynan xorij bilan tijoratdan. Yukning 42 foizi chet eldagi iste’molchiga atalgan Amerika mahsulotlari bo’lib, u yiliga 329 million tonnani tashkil etadi. Tashilayotgan yukning 170 million tonnasi esa import tovarlar. Bir sohildan narigisi tomon yo’l oladigan vagonlar minglab bizneslar uchun zarur vositalar va materiallar tashiydi. Temir yo’llarda 200 ming odam mehnat qiladi, doimiy ishchilar. Kontraktorlar ham talay.

“Amerika va Xitoy rahbarlari yaqinda uchrashganida biz ularning muloqotini qiziqib kuzatdik, chunki har bir bitim biz uchun imkoniyat demakdir. Orada savdo va tijorat kengaysa, temir yo’lga talab oshadi”, - deydi Hamberger.

Hamberger u targ’ib qilayotgan sanoat zamon bilan hamnafas bo’lishi zarurligini biladi. Texnoligiya daqiqa sayin yangilanib bormoqda. Savdo shakli o’zgarmoqda. Siyosat ham kutilmagan burilishlarga boy.

“Shimoliy Amerika Erkin Savdo Bitimi Prezident Trampga ma’qul emas. Buni bilamiz. Lekin u 23 yildan beri amalda. Kanada, AQSh va Meksika orasidagi tijoriy zanjir nihoyatda murakkab va muhim. U bizneslar uchun hayot-mamot degani. Shunday ekan, bu bitimni o’zgartirish yoki bekor qilish nihoyatda qiyin masala”, - deydi u.

Xitoy va Amerika esa jahondagi eng yirik hamkorlar va raqiblar. Bir-biriga tobe.

“AQSh iqtisodiyotining 27 foizi chet el bilan, jumladan, Xitoy bilan tijoratga bog’liq. Yetti o’lchab bir kesishga majburmiz. Biznes hamkorlikni cheklay olmaysiz”, - deydi Hamberger.

Xitoy bugun dunyodagi eng yirik eksportyor, Amerika esa iste’molchi.