AQSh Prezidenti Jo Bayden koronavirusdan jabr ko’rgan amerikaliklar uchun iqtisodiy yordamni o’z ichiga olgan qonun loyihasini imzolashi ketidan aholi 1400 dollar miqdorida bir martalik nafaqa ola boshlagan.
Your browser doesn’t support HTML5
Kongressdagi respublikachilar 1,9 trillion dollarlik hujjatda yordam miqdori o’ta katta va maqsadga muvofiq emas deb, birorta qonunchi unga ovoz bermagan.
“Odamlarga vaksina kerak. Bolalar maktabga, kattalar ishga qaytishi kerak. Ammo demokratlar inqirozdan o’z foydasi yo’lida foydalanishga harakat qilyapti”, - deydi Vayoming shtatidan Senatga saylangan Jon Barraso.
Demokratlarning aytishicha, aksariyat amerikaliklar yordam paketini qo’llab-quvvatlamoqda. So’nggi ijtimoiy so’rovda qatnashganlarning 61 foizi shunday fikr bildirgan.
Vakillar palatasining demokrat spikeri Nensi Pelosiga ko’ra, respublikachilar oyog’ini faqat Vashingtonda tirab olgan.
“Qolgan barcha shtat va jamoalarda odamlar bundan foyda ko’rmoqda”, - deydi u.
Qonunchilar AQSh janubiy chegarasi tomon oqib kelayotgan migrantlar masalasida ham chiqisha olmayapti. Respublikachilar bunda sobiq prezident Donald Trampning immigratsion cheklovlarini bekor qilgan Baydenni ayblasa, demokratlar nazarida, bunday vaziyatning kelib chiqishiga Tramp siyosati aybdor.