Misr prezidenti terrorizmga qarshi yangi qonunni imzoladi

  • Amerika Ovozi

Prezident Sissiy yoz boshida mamlakatdagi xuruj bosh prokurorni hayotdan olib ketganidan so'ng aksil-terror choralarni kuchaytirishga va'da bergan edi.

Misr Prezidenti Abdul Fattoh al-Sissiy terrorizmga qarshi kurash bo'yicha yangi qonunni imzoladi. Unda ayrim jinoyatlar uchun o'lim jazosi va umrbod qamoq jazosi, terrorizm yuzasidan yolg'on axborot berganlik uchun katta jarimalar belgilangan.

Sissiy yoz boshida mamlakatdagi xuruj bosh prokurorni hayotdan olib ketganidan so'ng aksil-terror choralarni kuchaytirishga va'da bergan edi. Prezident portlashda Musulmon birodarlar guruhini aybladi.

Hukumat birodarlarni terrorchi tashkilot deya tamg'alagan. 2013-yilda guruh rahbari, Prezident Muhammad Mursiy ag'darilganidan beri birodarlarga quvg'inda.

Yangi qonunga ko'ra, terror guruhini tuzgan yoki boshqargan shaxslarga oliy jazo beriladi. Terrorizmni moliyalash uchun umrbod qamalish mumkin, terrorizmni targ'ib qilganlik uchun fuqaro qamalishi mumkin.

Jurnalistlar esa hukumatning izohiga qarama-qarshi xabarlar uzatsa, 25 mingdan 64 ming dollargacha jarimaga tortiladi.

Avvaliga qonun loyihasida jurnalistlarni qamash haqida so'z borgan edi, biroq jamoatchilikning keskin e'tirozi ortidan loyihaning bu bandi o'zgartirilgan.

Xalqaro Amnistiya tashkiloti qonunni dahshatli deya ta'riflab, erkinlikka tahdid deya tanqid qilmoqda.

Jurnalistlarni himoya qilish qo'mitasi Prezident Sissiyga xat yo'llab, qonunga qo'l qo'ymaslikka undagan va qamoqdagi jurnalistlarni ozod etishga chaqirgan edi. Bugun mamlakatda al-Jazira telekanalining uch muxbiri Musulmon birodarlarni qo'llab-quvvatlaganlik aybi bilan hibsda.