Misrda diniy va etnik ozchilikdagi aholi vakillari prezident saylovlarining ikkinchi bosqichini xavotir bilan kutmoqda. Masalan, qibtiy nasorolarni inqilobdan keyingi Misr hayotida yangi rahbariyatning ularga munosabati qanday bo’lishi o’ylantiryapti.
Aholisining asosiy qismi sunniy musulmonlar bo’lgan Misrda nasoro bo’lish qiyin. Amal Bishara uchun 2011-yilning boshlanishi qiyin bo’ldi. U eri Magdi bilan Iskandariyadagi cherkovda yangi yilni kutayotgan edi. Tadbir tugashiga bir necha daqiqa qolganda, erim cherkovni tark etdi, deydi Amal.
“Hanuz ichkarida ekanmiz, birdan kuchli portlash ovozini eshitdik. Nima bo’ldi deb so’raganimda, hamma joyda o’liklar, deb javob berishdi” deydi u.
Amalning eri og’ir yaralanib, keyinroq jarohatlari tufayli vafot etdi. Ushbu portlashda jami 23 kishi halok bo’ldi.
Hukumat portlashda islomiy jangarilarni aybladi. Nasorolar esa himoya qila olmagani uchun hukumatni aybladi. Ayrimlar hatto Ichki ishlar vaziri Habib al-Adliyni ushbu mojarolarga aloqador deb biladi.
Portlashdan bir necha hafta o’tar-o’tmas, inqilob natijasida eski tuzum ag’darildi. Bugunga kelib, ikki nomzod prezidentlikka da’vo qilmoqda. Biri islomiy partiya vakili, ikkinchisi sobiq tuzum vakili. Amal ikkisidan biriga ovoz berishi kerak.
Maktab o’qituvchisi Amal har ikkisidan ham qo’rqishini aytadi. Eski hukumat vakili yana eski rejim yo’lidan ketishi mumkin. Islomchi nomzod esa nasorolarga tazyiq o’tkazishi mumkin, deydi u.
Musulmon Birodarlar partiyasidan nomzod Muhammad Mursiy Misrda barchaning haq-huquqlari himoyalanishiga va’da bermoqda. Sobiq prezident Husni Muborak ma’muriyatida so’nggi bosh vazir bo’lgan Ahmad Shafiq esa, asosan, xavfsizlikka diqqat qaratmoqda.
Amal Bisharaning o’g’li Antvan o’zgacha bo’ladi, deb kutgan edi.
“O’tmish bilan aloqasi yo’q, inqilob vakili bo’lgan bir nomzodning chiqishini kutgan edim”, deydi u.
Antvan mavjud nomzodlar orasidan so’lchi Hamdin Sabahini qo’llab-quvvatlaganini aytadi. Ammo u birinchi bosqichdan o’ta olmadi.
Ikkinchi bosqichga chiqqan nomzodlardan birini tanlash nasroniylar uchun oson emas. Antvan, Amal va qibtiy nasorolarning aksariyati Shafiq uchun ovoz berish niyatida. Ularga ko’ra, eski hukumat nasorolarni himoya qila olmagan bo’lsa ham, islomchilar kabi hujum qilgani yo’q.
“Doim hujum qilib turgan fanatiklar bor ekan, qanday qilib ularni himoya qilish mumkin? Siyosiy beqarorlik tufayli Misrni tark etgan ozchilik guruhlar ko’p bo’lgan. Misr yahudiylariga nima bo’lganini eslang”, deydi professor.
Sodiqning aytishicha, uning nasoro do’stlari ham Misrni tark etish haqida o’ylayapti. Ammo Amal bunday niyatda emas. Nima bo’lsa ham, yaxshilikka bo’lsin, deydi u.
“Eski rejim vakilimi, islomchimi, kim yutishidan qat’i nazar, Misr uchun yaxshi bo’ladi va tinchlikka ega bo’lamiz, deb umid qilaman”, deydi Amal.