Kecha Misrda parlament saylovlarining birinchi bosqichida fuqarolar passiv bo'lgani aytilmoqda. 596 a'zolik parlamentga saylovlar 27 viloyatdan 14 tasida o'tkazilgan. Qolgan viloyatlar aholisi noyabrda saylovga chiqadi. Xorijda yashovchi misrliklar esa shanbadan beri ovoz bermoqda.
Saylovchilar ishtiroki bo'yicha rasmiy raqam yo'q, biroq aksariyat kuzatuvchilar kecha 10 foizi konstitutsion burchini bajargan, xolos, deya taxmin qilmoqda.
"Men ovoz berishga bormayman. Har safar bir xil nomzodlarni ko'rish mumkin. Aksariyati o'z manfaati uchun saylanmoqchi. Loyig'i chiqsa, ovoz berishim mumkin", - deydi qohiralik bir odam.
Misrda 2014-yili yangi konstitutsiya qabul qilingan. Unga ko'ra, qonunchilarda prezidentga impichment e'lon qilish yoki erta saylovlar o'tkazish vakolati bo'ladi.
Deputatlik mandatlarining to'rtdan uch qismiga mustaqil nomzodlar da'vo qilmoqda. Siyosiy partiyalar bu galgi saylovlarda katta rol o'ynamaydi.
Mamlakat tarixidagi ilk demokratik prezident saylovlarida g'alaba qozongan Muhammad Mursiy bir yillik boshqaruvdan so'ng 2013-yilda harbiylar tomonidan ag'darilganidan so'ng, 2014-yil saylovlarida Abdul Fattoh Sissiy g'olib bo'ldi.
Parlament saylovlari esa so'nggi bor 2012-yilda o'tkazilib, Mursiyning "Musulmon birodarlar" harakatidan chiqqan deputatlar ko'pchilikni tashkil etgan organ tarqatildi, guruh esa terrorchi deb e'lon qilinib, faoliyati man etildi.