AQSh Iroqda yangi hukumat tuzilishi tarafdori

  • Amerika Ovozi
AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Yaqin Sharq va Yevropa bo’ylab safarda. Ittifoqchilar bilan uchrashuvlarda muhokama qilinayotgan asosiy mavzu Iroqdir.

So’nggi kunlarda bu mamlakatning shimol va g’arbdagi qator shaharlari islomiy jangarilar qo’liga o’tdi. Qohirada prezident Abdul Fattoh al-Sissiy bilan muloqot qilgan Kerri, shuningdek, Misrga harbiy yordam davom etishini bayon qildi.

Jon Kerrining Iroq va Misr rahbarlariga murojaati shuki, barcha fuqarolar huquqi va irodasini hurmat qiling, so’z va uyushish erkinligini cheklamang, ularni e’tiqodi va mazhabiga qarab ajratmang.

Qohirada so’zlar ekan, Amerika bosh diplomati sunniy ekstremistlar Iroqda ustunlikni qo’lga olishi mumkin deya ogohlantirdi.

“Vaziyat xavfli nuqtaga kelib qoldi. Iroq rahbarlari mazhabiy ixtiloflardan yuqori turishi, barcha siyosiy kuchlar manfaatini hisobga oladigan yagona hukumat tuzilishi kerak”, - dedi Jon Kerri.

Uning Qohiraga tashrifi oldindan e’lon qilinmagan edi. Kerri Iordaniyada ham to’xtab, so’ngra Bryussel va Parijga, NATO tashqi ishlar vazirlari majlisiga yo’l oladi. U qatnashadigan har bir uchrashuvda Iroq masalasi ko’tarilishi kutilmoqda.

Lekin, deydi diplomat, Vashington hukumat tepasiga muayyan bir shaxs yoki guruh kelishini targ’ib qilayotgani yo’q. Jangarilar olg’a surayotgan mafkura nafaqat Iroq, balki butun mintaqaga xavf soladi, deydi Kerri.

Qohirada o’tgan uchrashuvlarda AQSh tashqi ishlar vaziri Misr bilan hamkorlik rishtalari mustahkam ekani, ikki davlat terrorizmga qarshi kurashda bamaslahat ish tutishini ta’kidlab o’tdi.

Prezident Abdul Fattoh al-Sissiy bilan muloqotda inson huquqlari mavzusi ham ko’tarilgan. Xususan, inqilobdan keyin mamlakatni qisqa davr boshqargan “Musulmon Birodarlar” harakati qora ro’yxatga tushgani va uning yuzlab a’zolari o’limga mahkum etilgani tanqid ostida.

Kerri bilan safar qilayotgan rasmiylardan birining qayd etishicha, Qo’shma Shtatlar “Musulmon Birodarlar”ni terrorchi tashkilot deb hisoblamaydi.

Tahlilchilar fikricha, Iroq urushi asoratlari va arab bahori g’alayonlari paytida qilingan xatolar bois bugun AQSh Misr va regiondagi boshqa davlatlarda katta nufuzga ega deyish qiyin.

Qohiragi Amerika universiteti tadqiqotchisi Said Sodiq nazarida, dunyoning bu qismlarida Vashingtonning maslahatini haliyam inobatga olishadi, lekin arab hukumatlari orasida unga avvalgidek ishonch yo’q.

“AQSh Muhammad Mursiyni yoqlab chiqqani uchun misrliklar norozi. Saudiya Arabistonining Obamadan ko’ngli to’q emas, chunki ular nazarida Suriya bo’yicha va’dalar bajarilmadi. Bugun esa Iroqdagi vaziyatda hamma AQShni ayblayapti”, - deya sharhlaydi Said Sodiq.

Amerika Yaqin Sharqdagi ko’pgina muammolarning manbai deb ko’rilar ekan, ularga yechim topish yanada qiyinlashadi.