Liviyada yangi rahbariyat, Misrda to’qnashuvlar

  • Amerika Ovozi

Tripolida tantana, 8-avgust, 2012-yil.

Liviya muvaqqat boshqaruv kengashi hokimiyatni yangi saylangan kuchlarga topshirgan.

Chorshanba kuni kechqurun favqulodda xavfsizlik choralari ko’rilgan Tripolida kechgan marosimda o’tish davrida yurtga bosh bo’lgan Mustafo Abdul Jalil yangi assambleyaning eng keksa a’zosi Muhammad Ali Salimni muborakbod etgan.

Iyulda saylangan, 200 kishilik Milliy Kongress bundan e’tiboran Liviya xalqining qonuniy namoyandasi sanaladi, dedi Jalil.

Qo’zg’olonni boshdan kechirgan, Muammar Qaddafiyni taxtdan ag’dargan mamlakatda bosh vazir tanlanib, yangi konstitutsiya matni ishlab chiqilgach, yurt parlament saylovlariga taraddud boshlaydi.

Misr notinch

Misr politsiyasi Sinay yarimorolida qurolli guruhlar bilan olishmoqda. Kuni-kecha armiya hududni havodan nishonga olib, 20 kishini o’ldirgan edi.

Rasmiylar ularni jangari deya ta’riflaydi. Bugungi to’qnashuvlar Isroil va G’azo sektori bilan chegaradan 50 kilometr narida ro’y bergan.

Misr yangi prezidenti Muhammad Mursiy razvedka xizmati rahbarini va Shimoliy Sinay gubernatorini ishdan bo’shatgan.



Qo’zg’olon bois, sobiq prezident Husni Muborak lavozimdan ketgach, mamlakatda tartib va xavfsizlik hamon qaltis masalalar.

Yakshanba kuni qurollangan kishilar armiyaga hujum qilib, misrlik 16 chegarachini o’ldirgan edi.