AQSh Misrga madadni uzish haqida bir qarorga kelmagan

  • Amerika Ovozi
Misr qurolli kuchlarining namoyishlarni bostirganidan norozi Qo’shma Shtatlar bu mamlakatga har yili beriladigan yordamni va, umuman, munosabatlarni qayta ko’rib chiqmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh Misrga madadni uzish haqida bir qarorga kelmagan/Shohruh Hamro


Prezident Obama shu hafta maslahatchilari bilan uchrashdi, lekin biror qarorga kelinmagan. Misr harbiylari, bu orada, islomiy yetakchilarni hibsga olishda davom etmoqda.

Lavozimdan chetlashtirilgan prezident Muhammad Mursiyning tarafdorlari va tanqidchilari bir-biridan shu qadar yiroqlashdiki, murosa haqida gapirmasa ham bo’ladi. Xalqaro jamoatchilik tomonlarni bosiqlikka chaqirishidan foyda yo’q.

Obama ma’muriyati Misr rahbarlariga qayta-qayta ogohlantirish beryapti: Mursiyni yoqlagan fuqarolarga qarshi zulmni hamda “Musulmon Birodarlar” partiyasi yetakchilarini hibsga olishni bas qiling; mazkur qarorlaringiz o’zaro aloqalarga putur yetkazadi, jumladan milliardlab dollar yordam uzilishi mumkin.

Oq uy rasmiysi Josh Ernest so’zlariga ko’ra, Misr harbiylari hukumatni egallab olish niyatidan yiroqmiz deb ishontirgan. Ammo zo’ravonlik va tazyiqlar tinimsiz davom etayotgani shuning aksini ko’rsatmoqda. Voqealar rivojini yaqindan kuzatyapmiz, deydi rasmiy.

Oq uy Misrga atalgan iqtisodiy madad kesilgani haqidagi xabarlarni inkor etdi. Davlat departamentining ham bildirishicha, bunday qarorlar osonlikcha qabul qilinmaydi. Muayyan qonunlar bor va ularni bir kunda o’zgartirib bo’lmaydi.

“Biz Misrga berayotgan yordamning har bir bo’lagini ko’zdan kechiryapmiz. U yerdagi zo’ravonlik natijasida qandaydir cheklovlar kuchga kiradimi, yo’qmi, hozircha bilmaymiz. Bir qarorga kelinmaguncha, hech narsa o’zgarmaydi, AQSh o’z majburiyatlarini bajarishda davom etadi”, - deydi Davlat departamenti so’zlovchisi Mari Harf.

Misrga 585 million dollar miqdorida navbatdagi ko’mak paketi sentabr oxirlarida yetkazilishi kerak. Jurnalist Josh Roginning yoritishicha, Obama ma’muriyati ko’p ovoza qilmasdan uni bekor qilgan.

“Oq uy Misrda vaziyat izga tushib ketadi va barcha guruhlarni o’z ichiga olgan bir hukumat tuziladi, deb umid qilgan edi. Ko’rib turibmizki, aksincha vaziyat chigallashib borayapti. Shu bois ham AQSh keskinroq choralar ko’rishga moyilroq”, - deydi jurnalist.

Josh Rogin hukumatdagi anonim manbalariga tayanib deydiki, Misrga va’da qilingan harbiy samolyotlar ham hozircha yetkazilmaydi. Bu mamlakat hukumatiga to’g’ridan to’g’ri beriladigan mablag’lar muzlatib qo’yilgan.

Vashington prezident Muhammad Mursiyning hokimiyatdan chetlashtirilganini “to’ntarish” deb ta’riflashdan tiyilib keladi. AQSh qonunlariga ko’ra to’ntarish ro’y bergan davlatga madad darhol uzilishi kerak.