Vashingtonda siyosiy tortishuvlar yanada kuchayishi kutilmoqda

  • Amerika Ovozi

AQShda 6-noyabr kungi saylovlardan so’ng demokratlar Kongress Vakillar palatasida sakkiz yil oldingi mavqeini tiklab, Prezident Donald Tramp va uning partiyadoshlariga jiddiy zarba berdi. Biroq respublikachilar Senatdagi mavqeini yanada mustahkamlab oldi. Vashingtonda siyosiy tortishuvlar yanada kuchayishi kutilmoqda.

Demokratlarning Vakillar palatasidagi sardori Nensi Pelosi g’alabani Vashingtonda yangi kun deb atadi.

“Murosa qilish kerak bo’lgan masalalarda murosaga intilamiz, boshqa holatlarda maqsadimizdan qaytmaymiz. Bo’linishlardan charchadik, Demokratik Kongress bir yoqadan bosh chiqarib yechimlar topishga harakat qiladi”, - dedi u.

2011-yilgacha Vakillar palatasida to’rt yil spikerlik qilgan Pelosi yana shu lavozimiga qaytishi kutilmoqda. Demokratlar quyi palata nazoratini qo’lga kiritgani bilan yuqori palata, Senatda respublikachilar hukmronligini saqlab qoldi.

“Biz, Prezident Tramp yetakchiligidagi konservatorlar, Indiana shtatida ish berayotgan siyosatimiz butun Amerikada ham ish berishini isbotlashimiz kerak”, - dedi Indianada demokrat senatorni mag’lub etgan nomzod Mayk Braun.

Oq uy matbuot kotibasi Sara Sandersning aytishicha, Prezident Tramp Senat respublikachilar qo’lida qolganidan mamnun.

“Prezident qaysi nomzodlar uchun tashviqot olib borgan bo’lsa, aksariyati yaxshi natija ko’rsatdi. Ammo qonunchilik organiga kim kelishidan qat’i nazar, davlat rahbari barchasi bilan ishlashga tayyor”, - dedi rasmiy.

Nevada universitetidan tahlilchi Rebekka Gillning aytishicha, Trampning zo’r berib tashviqot olib borgani har ikki tomon saylovchilarini ruhlantirdi.

“Uning bayonotlari har ikki partiyaga mansub saylovchilarni g’ayratlantiradi”, - deydi Gill.

Buni fuqarolar bilan suhbatlarda ham ko’rish mumkin.

“Tramp amalga oshirayotgan ishlarning aksariyati menga ma’qul. Hammasi emas, aksariyati. U xalqaro miqyosda ham manfaatlarimizni himoya qilayapti”, - deydi Tramp tarafdori Tomas Vesli.

Prezidentning tanqidchilari ham ko’p.

“Yomon tushdan uyg’onyapmiz, deb qabul qilamiz. Mana Vakillar palatasini qo’lga kiritdik. Ikki yildan so’ng Senat va Oq uyni ham yutib olamiz. Xayr, Tramp”, - deydi nyu-yorklik bir saylovchi.

Tramp saylovchilar uchun asosiy mavzu edi, deydi tahlilchi Kapri Kafaro.

“Tramp tarafdorlari ham, uning tanqidchilari ham energiyaga to’la. Shuning uchun poyga qizg’in kechdi, raqobat kuchli. Mamlakat bo’ylab shuni ko’ryapmiz”.

Prezident saylovlariga ikki yil qolganda yangi Kongress hamkorlikda ishlaydimi yoki siyosiy tortishuvlar yanada kuchayadimi, bu savol hozircha javobsiz qolmoqda.