Siyosiy faollar: Ko'proq amerikaliklar saylovga chiqishi kerak

  • Amerika Ovozi

Milvoki shahri, Viskonsin shtati, 25-oktabr, 2022

Amerikaning har bir shahrida bugun bitta shior hukmron: "Mas'uliyatli fuqaro bo'lsangiz, saylovga chiqing!"

Poytaxt Vashingtondan tortib, butun mamlakat bo'ylab, siyosiy partiyalar va ularning faollari amerikaliklarni 8-noyabdagi saylovda ovoz berishga undash bilan band.

"Bu naqadar ahamiyatli jarayon ekanini anglayman albatta va ovoz beraman, - deydi Evlin Nyuman, nafaqaxo'r. - Inflyatsiyaning zarbasi juda keng va chuqur, buni ko'plar qattiq his qilmoqda".

Uning fikricha, AQSh hozir egri yo'lda va siyosat yangilanishi kerak.

Kongressda kelasi ikki yil kim hukmronlik qilishi Prezident Jo Baydenning prezidentligi samarasini ham belgilaydi. Demokratlar kuchaysa, Oq uy ko'plab maqsadlariga yetishi mumkin. Baydenning va'dalari bajarilishi uchun qonunchilarning quvvatlovi zarur.

Respublikachilar ko'pchilik o'rinlarni egallasa, demokrat prezidentning rejalari qog'ozda qolib ketishi muqarrar, chunki konservatorlar uning deyarli har bir taklifiga qarshi.

Florida shtatida saylovga tayyorgarlik, Mayami, 19-oktabr, 2022

Kongressga va mahalliy saylovlarga odatda kamroq odam chiqadi. Ommaviy so'rovlarda saylovchilarning 57 foizi 8-noyabrdagi tadbirni muhim deb hisoblashini bildirgan. AQShda prezident saylovida ko'proq odam qatnashadi.

Respublikachilar va demokratlar targ'ibotga zo'r berib, amerikaliklarni ovoz berishga va aynan ularning nomzodlarini qo'llashga ko'ndirish uchun millionlab dollar sarflamoqda.

Tahlilchilar nazarida bu yil saylovchi faolroq bo'lishi mumkin, chunki amaldagi siyosatdan norozilar sezilarli darajada ko'proq.

"Aslida har ikki partiyaga xavotir bilan qarashmoqda va qay biri yutsa ham erkinliklar cheklanaveradi, degan qarash keng. Har 10 amerikalikdan 7 nafari muammolarda aynan shu ikki partiyani ayblaydi", - deydi Emili Ekins, Kato institutida yetakchi ekspert.

8 milliondan oshiq amerikalik erta ovoz berib bo'lgan. Jorjiya shtatida, xususan, 1 milliondan ziyod saylovchi allaqachon bu huquqdan foydalangan.

"Jamiyat va hayotingiz, davlatimiz ravnaqi ustida qayg'ursangiz, ovoz bering. Bu - burchingiz", - deydi Fransin Sims-Geyts, Atlanta shahrida yashovchi fuqaro.

"Associated Press" axborot agentligi so'rovida har 10 amerikalikdan 8 nafari bu yilgi saylovda albatta qatnashish kerak, deb aytgan.

Virjiniya shtatida erta ovoz berayotganlar, 26-sentabr, 2022

Nevada shtatida respublikachilar lotin amerikaliklarning ko'nglini ovlamoqda. Yangi fuqarolarni o'z tarafiga undab, iqtisodiy taraqqiyotga konservatorlar yetaklaydi, deya targ'ib qilmoqda. "Operación ¡Vamos!" nomli kampaniya avjida.

"Make the Road Action" degan demokratik platforma esa lotin amerikaliklardan demokratlarni olqishlashni so'ramoqda. Ovoz berish huquqiga ega muhojirlar liberallardan ko'proq manfaat ko'radi, deyiladi reklamalarda.

"Har safar saylov oldidan jamoamiz siyosiy diqqat markazida, chunki lotin amerikaliklar son jihatdan eng yirik immigrant guruh", - deydi Las Vegas shahar kengashi a'zosi, demokrat Oliviya Diaz.

Arizona shtatida yozuvlar ingliz va ispan tillarida, 12-oktabr, 2022

2016 va 2020-yillarda Nevada shtatida lotin amerikaliklar asosan respublikachilarga ovoz bergan. Bu yil boshqacha natija xohlagan demokratlar bu hududda targ'ibot uchun katta mablag' tikkan.

Qora tanli amerikaliklarning saylovga chiqishini ta'minlash uchun harakat qilayotgan tashkilotlarga ko'ra, cherkovlar bilan hamkorlik bag'oyat muhim, chunki afro-amerikaliklar uchun ibodatxonalar ruhiy va ijtimoiy malham o'choqlaridir.

Michigan shtatida esa LGBTQ+ harakati faollashib, unga 1,2 million odam qo'shilgan. Ovoz berish orqali siyosiy o'zgarishlarga turtki berish - bu guruh maqsadlaridan biri.

"Michiganda bu yil LGBTQ+ ga qarshi uch qonun loyihasi olg'a surildi. Tenglik kerakmi, demak, ovoz bering", - deydi Amrita Venkataraman, shtatda bu yo'nalishdagi tashabbuslar yetakchisi.

Jorjiya shtatida erta ovoz berayotganlar, 17-oktabr, 2022

LGBTQ+ harakati faollari eshikma-eshik yurib, odamlar bilan muloqot qilmoqda, shuningdek, onlayn va telefon orqali bog'lanib, ovoz berish zaruratini tushuntirmoqda va aynan jinsiy tenglikni quvvatlovchi nomzodlarga tayanishga chaqirmoqda.

Qator shtatlarda ovoz berish uchun ro'yxatdan o'tish murakkablashgan, chunki qo'shimcha hujjatlar so'raladi. Bu esa odamlarni saylovdan uzoqlashtiradi, saylovchi soni kamayadi.

Oldingi prezident, 2017-2021 yillarda xizmat qilgan Donald Tramp saylov tizimini soxtakorlikka moyil deb qoralab, uni isloh qilish propagandasini kuchaytirgan. Respublikachilar boshqaradigan shtatlarning bir nechasi bu jarayonni boshlagan.

Afro-amerikaliklar huquqlari uchun kurashadigan tashkilotlarga ko'ra, respublikachilar tebratadigan shtatlarda saylovchi sifatida registratsiyadan o'tishni qiyinlashtirish aynan qora tanlilarni kamsitib, ularni jarayondan chetlashtirish uchun ishlab chiqilgan. Chunki, deydi bu amerikaliklar, qora tanlilar aksariyat hollarda demokratlarga ovoz beradi.

Respublikachilar bunday ayblov va tanqidlarni asossiz deb inkor etadi va ularning muddaosi muayyan tekshiruvlar orqali saylovchiga ishonchni oshirish ekanini aytadi.